Toshkentda yo‘lovchilarni olib ketayotgan avtobus yonib ketdimi? (video)
Jamiyat
−
16:57 522 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida harakatlanayotgan avtobusdan qora tutun chiqqani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, hodisa bugun, 16 oktyabr kuni Sarako‘lka ko‘chasida harakatlanayotgan Isuzu rusumli avtobusda yuz bergan. Yashnobod tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari joyiga chiqib, holatni o‘rgangan. Tekshiruvda avtobusning karbyurator qismiga moy tushishi oqibatida qora tutun hosil bo‘lgani, bu esa yong‘in sifatida ko‘ringani aniqlangan.
“Toshshaxartransxizmat” AJ ma’lumotiga ko‘ra, tutun chiqqan avtobus SAZ LE60 rusumli bo‘lib, 1-avtobus saroyiga qarashli. Hodisa vaqtida haydovchi avtobusni zudlik bilan to‘xtatib, yo‘lovchilarni tushirgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avtobusning turbokompressor qismidagi nosozlik yonilg‘ining to‘liq yonmasligi va tutun hosil bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Bildirilishicha, mazkur holatda yong‘in sodir bo‘lmagan.
Keltirilishicha, avtobus hodisa sodir bo‘lgan kuni ertalab texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan va o‘sha vaqtda soz holatda bo‘lgan. Hozirda transport vositasi yo‘nalishdan chiqarilib, avtobus saroyiga qaytarilgan. Texnik nosozliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan, avtobusga ham zarar yetmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida 66-sonli avtobus salonining sanitariya holati talabga javob bermagani uchun uch nafar navbatchi mexanikning oylik maoshidan 10 foiz miqdorida jarima undirilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiJizzaxda 10 yoshli qiz zo‘rlandi
06 Oktyabr