Toshkentda YPXdan qochgan Malibu haydovchisi ushlandi (video)

3-sahifa

image

Toshkent halqa avtomobil yo‘lida davlat raqam belgisiz harakatlangan, oynalari qoraytirilgan Malibu-2 haydovchisi YPX xodimlarining to‘xtash talabiga bo‘ysunmay, avtomobilni orqaga burib, qochishga urindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, avtomobil Uchqaxramon tomondan Hasanboy yo‘nalishida harakatlangan. Davlat raqam belgisi bo‘lmagan Malibu-2’ning old yon oynalari qoraytirilgani va orqa qismiga qo‘shimcha antenna o‘rnatilgani YPX xodimlarining e’tiborini tortgan.

Inspektorlar haydovchiga to‘xtash ishorasini bergan. Biroq u qonuniy talabni bajarish o‘rniga avtomobilni keskin ravishda orqaga burib, harakatini davom ettirgan. Ko‘rilgan choralar natijasida transport vositasi to‘xtatilib, haydovchi ushlangan.

Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Malibu-2 vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.

Mazkur holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan so‘ng ko‘plab foydalanuvchilar muhokamalariga sabab bo‘ldi. Kadrlarda voqea 19 avgust kuni sodir bo‘lgani, davlat raqamisiz va oynalari qoraytirilgan Malibu-2’ning qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangani ko‘rinadi. Shuningdek, avtomobilning orqa qismida qo‘shimcha antenna borligi va uning inspektorlar avtomobili ortidan harakatlangani ham aks etgan.

Shundan so‘ng, o‘zini qoidabuzar haydovchining otasi sifatida tanishtirgan shaxs videoni tarqatgan foydalanuvchilardan biri bilan bog‘langan. U videoni olib tashlashni so‘ragan. Tarmoqlarda tarqalgan audioyozuvda erkak o‘g‘lini haydovchilik huquqidan mahrum qilishlari mumkinligini aytgan va masalani pul bilan ham hal qila olmayotganidan norozi bo‘lgan.

Videoni o‘chirish talabi rad etilgach, u foydalanuvchiga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatgan, uning oldiga borish bilan tahdid qilgan va bosim o‘tkazishga uringan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon shahrida yo‘l-patrul xizmati xodimining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmagan Onix haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi do‘konga urilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing