Toshkentda YPX xodimlari mashina oynasini sindirib, haydovchini qo‘lga oldi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda YPX inspektorlari Nexia-2 rusumli transport vositasini to‘xtatib, mashina oynasini qo‘li bilan sindirib, haydovchini ushlagani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati rasmiy ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 1 noyabr kuni taxminan soat 17:00 larda 2004 yilda tug‘ilgan Akbar X. Nexia-2 rusumli avtomobilni boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarga ega bo‘lmagan holda boshqarayotgan vaqtida yo‘lda uch marotaba YPX inspektorlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirgan.

To‘rtinchi marotaba Yunusobod tumani Amir Temur va Shahrisabz ko‘chalari kesishgan chorrahada YPX inspektori M.Turdiyev tomonidan jezl va xushtak yordamida to‘xtash ishorasi berilganda, haydovchi katta tezlikda harakatni davom ettirgan. Bir nechta xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan harakatini davom ettirayotgan ushbu avtomobil harakatini cheklash maqsadida boshqa transport vositalari to‘xtatilgan. So‘ng Amir Temur – Alisher Navoiy – Shahrisabz ko‘chalari kesishgan chorraxada YPX inspektori D.G‘aniyev tomonidan transport vositasi to‘xtatib qolingan. 

“Haydovchi o‘zini shubhali tutganligi, xodimlarning eshikni ochish va transport vositasidan tushish haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, transport vositasini ichkaridan qulflab olganligi sababli, transport vositasining oynasini sindirish orqali haydovchining eshigi ochilgan va haydovchining transport vositasini boshqarish imkoniyati cheklangan”, deyiladi rasmiy xabarda.

Mazkur holat yuzasidan haydovchi Akbar X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Transport vositasi jarima maydoniga joylashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

900

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing