Toshkentda yangi universitet tashkil etiladi
Jamiyat
−
12 Sentabr 10809 2 daqiqa
Kecha, 11 sentyabr kuni Prezidentning “Toshkent shahrida “ToshTech” texnika universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi 274-sonli qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, mazkur universitet akademik, moliyaviy va tashkiliy-boshqaruv sohalarida mustaqil hisoblanadi. 2025-2026 o‘quv yilidan davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan 1 yillik tayyorlov kursi joriy etiladi.
2026-2027 o‘quv yilidan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim jarayoni yo‘lga qo‘yiladi. 2027-2028 o‘quv yilidan bosqichma-bosqich magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlari joriy etiladi.
Universitetda ta’lim jarayoni davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida davlat va xorijiy tillarda amalga oshiriladi. 2029-2030 o‘quv yiligacha o‘qishga qabul qilingan talabalar esa to‘liq davlat granti asosida o‘qitiladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2024-2025 o‘quv yili boshiga kelib faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlari soni 222 taga yetdi.
Unga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich 2015-2016-o‘quv yiliga nisbatan 153 taga ko‘paygan bo‘lib, so‘nggi o‘n yilda oliy ta’lim muassasalari soni qariyb 3,2 barobarga oshgan.
2015 yilda 69 ta oliy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, keyingi yillarda bu raqam izchil ortib borgan. Xususan, 2018 yilda ularning soni 98 taga, 2022 yilda esa 191 taga yetgan. 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich 222 tani tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya instituti tugatilib, ularning o‘rniga yangi Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi