Ko‘prik quladi. Bu safar yomg‘ir aybdor
Jamiyat
−
12 mart 12071 2 daqiqa
Bugun, 12 mart kuni Toshkent shahridagi Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasi atrofidagi yangi tunnel yo‘lida tirgak devorning bir qismi qisman o‘pirilib tushdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
Ayni paytdagi ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar qayd etilmagan. Voqea joyiga zudlik bilan avariya xizmatlari, texnik mutaxassislar va mas’ul tashkilotlar vakillari yuborilgan. Hodisa sodir bo‘lgan hudud o‘rab olingan, zarur xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
“Hozirda kompleks texnik tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakunlanmaguncha, uzil-kesil xulosa chiqarishga hali erta. Dastlabki taxminlar qatorida so‘nggi kunlardagi kuchli yog‘ingarchilik ta’siri, jumladan, tuproqning haddan tashqari namlanishi va konstruksiyaga tushadigan yuklamaning ortishi kabi omillar ko‘rib chiqilmoqda. Shu bilan birga, loyihaviy yechimlar, qurilish-montaj ishlari sifati, drenaj tizimining holati, qurilish nazorati hamda ob’ektni qabul qilib olish tartibi kabi barcha tegishli holatlar ham tekshirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, texnik tekshiruv yakunlari bo‘yicha tiklash ishlari yuzasidan qaror qabul qilinadi. Qoidabuzarliklar yoki ishlarning lozim darajada bajarilmaganligi aniqlansa, mas’ul shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralari ko‘riladi.
Tasdiqlangan ma’lumotlar kelib tushishiga qarab jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari rasmiy kanallar orqali qo‘shimcha tarzda xabardor qilib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu yo‘l o‘tkazgich 2024 yilning avgust oyida ochilgan edi. Rekonstruksiya jarayonida yo‘l o‘tkazgich ostidagi Temur Malik ko‘chasi to‘rttadan olti tasmaliga kengaytirilgan. Buyuk ipak yo‘li ko‘chasidan chiqish yo‘llari qo‘shilgan va yo‘l o‘tkazgichning o‘zida ham, chiqish chorrahalarida ham burilishlar tashkil etilgandi.
O‘shanda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov bunday yo‘l o‘tkazgichning an’anaviy beton va monolitga nisbatan afzalligi u 2,5−3 baravar yengil, 30 foizga arzon, foydalanish xarajatlari 4−5 baravar kam hamda xizmat muddati 100−120 yilni tashkil etishini aytgan edi.
Live
Barchasi