Toshkentda vafot etgan italiyalikning o‘limi sirlari ochildi. Uning murdasi chirib ketgan
Tahlil
−
18 avgust 2020
121504Agar yodingizda bo‘lsa, joriy yilning 16 fevral kuni Italiya fuqarosi Jorjo Geno Toshkentda ijaraga olgan uyida o‘lik holda topilgani, holat bo‘yicha surishtiruv-tergov harakatlari olib borilayotgani haqida xabar bergan edik. QALAMPIR.UZ xorijlik navqiron yigitning O‘zbekiston poytaxtida shubhali o‘lim topishi tafsilotlari bilan qiziqdi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda ushbu holatni o‘rgandi.
1992 yilning 1 sentyabr kuni tug‘ilgan, Italiya fuqarosi bo‘lgan Jorjo Geno Toshkent shahri, Mirobod tumani, Buyuk Turon ko‘chasi, 76-uy, 36-xonadonda ijaraga yashab kelgan. Mazkur xonadon A.Nuriddinovaga tegishli bo‘lib, xonadonni F.Balgabayevaga sotish huquqisiz foydalanishga bergan va F.Balgabayeva xonadonni ijaraga berish bilan shug‘ullangan.
2019 yilning taxminan 10 dekabr kunlari F.Balgabayevaga italiyalik Jorjo Geno murojaat qiladi va uyni ko‘zdan kechiradi. Ikki taraf tarjimonsiz bir-birlarini tushunishadi. Ayrim hollarda internetdagi tarjima dasturlaridan foydalangan holda ijara uchun oyiga 3 500 000 so‘mga kelishidilar. Uyni ijaraga oluvchi Jorjo Geno F.Balgabayevaga ushbu xonadonda bir o‘zi istiqomat qilishini, ko‘pincha xorijiy davlatlarda safarda bo‘lishi sabab, hamma vaqt uyda qolmasligini aytadi. 19 dekabr kuni fuqaro uyni ijaraga beruvchi ayolga bir oylik ijara haqini to‘laydi. Shu kuni Balgabayeva Jorjo Genoni 17 kunga vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazadi va 2020 yilning 5 yanvar kuni Jorjo Genoning iltimosiga ko‘ra, uni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish uchun uyga keladi.
2020 yilning 19 yanvar kuni Balgabayeva yana ushbu uyga kelib, Jorjo Genodan navbatdagi oy uchun ijara pullarini olib ketadi. Bu orada ular qayta ko‘rishishmaydi.
9 fevral kuni Istanbul shahridan Toshkentga qaytgan Jorjo Geno uyni ijaraga bergan F.Balgabayevaga qo‘ng‘iroq qilib, xonadon kalitlarini yo‘qotib qo‘ygani, o‘zi esa aeroportdan uyga kelayotganini aytib, eshikning qo‘shimcha kalitlarini berishini so‘raydi. Ular oradan yarim soat o‘tar-o‘tmas uy oldida uchrashadilar. Balgabayevaning qayd etishicha, o‘sha mahal Jorjo Genoning yuzlari oqargan, kasallik belgilari borligi sezilgan. U yuqori qavatga lift orqali ko‘tarilayotganda qornini ushlab olgan va og‘riq borligini aytgan. Balgabayeva esa samolyotda uchib kelgani bois unda biroz bezovtalik bor deb o‘ylagan.
10 fevral kuni soat 11:00 da F.Balgabayeva Jorjo Geno bilan qo‘ng‘iroqlashib, onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish uchun tushdan so‘ng kelishini aytadi va 15:00 da uning yoniga boradi. Balgabayeva surishtiruv jarayonidagi o‘z ko‘rsatmasida, 10 fevral kuni Jorjo Geno bilan uchrashganida uning ovozida lanjlik va betoblik alomatlari bo‘lgani, u qornini ushlab gaplashgani, suhbat jarayonida 2-3 marta hojatxonaga borib kelgani, unga oshqozonida og‘riq borligini aytganini ma’lum qilgan. Balgabayeva undagi kasallik alomatlarini ovqatdan zaharlanish deb o‘ylab, Jorjo Genoga tez yordam chaqirib berishni taklif qiladi. U esa Balgabayevaning taklifini rad etib, Dyuspatolin, Fosfalyulgel va chet tilida yozilgan dorini ko‘rsatib, shulardan foydalanayotganini aytadi. Balgabayeva shu kuni Jorjo Genoni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazishni uzaytirish ishlarini yakuniga yetkazib, yana ortiga qaytadi.
O‘sha kuni soat 20:00 atrofida F.Balgabayevaning uyali aloqa telefoniga notanish chet el raqamidan qo‘ng‘iroq bo‘ladi. Balgabayeva Telegram orqali ushbu raqamni Jorjo Genoga yo‘llab, bu raqamni tanishi yo tanimasligini so‘raydi. Jorjo Geno bu raqamlarni tanimasligini aytadi. Shundan so‘ng, ular muloqot qilmaydi, ko‘rishmaydi.
Marhum bilan yaqin munosabatda bo‘lgan qiz nima deydi?
Tergov-surishtiruv harakatlariga oid ma’lumotlar va ko‘rsatmalar orasida Jorjo Genoning ahvoli 9-10 fevral kunlari og‘irlashganini tasdiqlovchi dalillar talaygina. Jumladan Jorjo Geno bilan yaqin munosabatda bo‘lgan D.Norkina ham buni tasdiqlaydi.
Ular 2019 yilning dekabr oyida ijtimoiy tarmoq orqali tanishib qoladilar. Qiz bilan muloqotda Jorjo Geno ko‘p yillardan buyon turli davlatlarni sayyoh sifatida kezib kelayotgani, Toshkentga Italiyadan kelgani, kripto-valyuta bilan shug‘ullanishi, Toshkent unga yoqib qolgani, ko‘zida ko‘rish bilan bog‘liq muammolari borligini aytadi. 2020 yilning yanvar oyida Jorjo Geno qizdan uyini tozalashda va kiyimlarini yuvishda yordam so‘raydi. Qiz bunga rozi bo‘ladi va uning uyiga keladi. Ular tungi soat 01:00 atrofida xayrlashadilar. Keyinchalik ular Telegram orqali muloqotni davom ettiradilar.
2 fevral kuni Jorjo Geno qizning yoniga kelib, Amsterdamga ketayotganini aytadi va safar oldidan uyini tozalashda yordam so‘raydi. Qiz yana rozi bo‘ladi. Shu kuni Jorjo Geno bir necha bor hojatxonaga kirib chiqadi va qizga ichaklarida og‘riq borligini aytadi. Shundan so‘ng ular 6 fevral kuni ijtimoiy tarmoq orqali muloqot qiladilar. O‘shanda Jorjo Geno ko‘zidagi muammolar sabab aprel oyida Londonga bormoqchiligini aytadi. Shu kuni soat 16:00 atrofida Jorjo Geno qizga yana aloqaga chiqib, tobi bo‘lmayotgani, yuragining pastki qismi, oshqozoniga yaqin joyida kuchli og‘riq borligini, Istanbuldagi shifokorlarga ko‘ringanida, ular ovqatdan zaharlanish tashxisini qo‘yganlarini aytadi.
Jorjo Geno 9 fevral kuni qizga Toshkentga kelgani haqida xabar beradi va soat 00:00 gacha aloqaga chiqmaydi. U soat 00:40 larda uxlab qolganini aytadi va qizdan unga taom buyurtma qilib berishini so‘raydi. Buyurtma yetib kelgach, yigit qizga “rahmat” deb ovozli xabar yo‘llaydi. Qiz esa unga sog‘lik tilaydi, shundan so‘ng unga javob xati kelmaydi. Oradan bir sutkadan ortiqroq vaqt o‘tib, ya’ni 11 fevral kuni ham Jorjo Geno qizning SMS’lariga javob qaytarmaydi, qizdan kelgan xabarlarni ochmaydi. Qiz 18 fevral kuni yigitdan xavotir olib, uning uyiga keladi. Bu vaqtda esa uy eshigi muhrlangan, Jorjo Geno vafot etgan edi.
Yigitning murdasi chirib ketgan holda topilgan
Yigitning ota-onasi, Italiyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga murojaat qilib, o‘g‘li Jorjo Geno joriy yilning 8 fevralidan boshlab aloqaga chiqmayotgani haqida xabar qiladilar. Shu asosda 16 fevral kuni Italiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xodimlari Ichki ishlar organlari xodimlari bilan birga Jorjo Geno ijaraga olib yashayotgan uyga keladilar.
Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filiali sud-tibbiy eksperti Pavel Din 16 fevral kuni soat 17:00 atrofida Ichki ishlar bosh boshqarmasining 102 xizmatiga kelib tushgan xabar asosida navbatchi tezkor guruh bilan birgalikda Toshkent shahar, Mirobod tumani, Buyuk Turon ko‘chasi 76-uy, 36-xonadonga yetib boradi. Ishchi guruh uy egasi hamrohligida uyga kiradi. Uyda barcha buyumlarning tartibi buzilmagan edi. Yotoqxonadagi divan ustida tepaga qarab yotgan erkak kishi jasadini ko‘radilar. Keyinchalik ushbu chirigan murda Italiya fuqarosi Jorjo Genoga tegishli ekani aniqlangan. Murda ko‘zdan kechirilganda, biror bir ko‘rinarli tan jarohatlari va ularning izlari aniqlanmagan. Uyda ko‘plab har xil dori vositalari – proteinlar, testesteronlar, ingalyator, og‘riq qoldiruvchi, tinchlantiruvchi, jami 70 xil dori topilgan. Ular orasida anabolik, steroidlar, ko‘z linzalari va nomsiz dori vositalari ham bo‘lgan.
Holat bo‘yicha tushuntirish bergan Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filiali morfologiya bo‘limi davlat sud eksperti B.Yakubov insonning nafas olganda, ya’ni yurak pastida, tush ortida og‘riqlar bo‘lishi ko‘proq yurak ishemik kasalligining belgisi hisoblanishini, kuchli jismoniy zo‘riqish, shuningdek, anobolik steroidlar yurak zo‘riqish va ishemik kasalliklarga olib kelishi ehtimolidan xoli emasligini, shuningdek, sud-tibbiy tekshiruvida Jorjo Genoning yuragi me’yoridan ancha kattaligi aniqlangani, bunga esa jismoniy zo‘riqish sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filiali morfologiya bo‘limi ekspertlari N.Allanazarov va B.Yakubovlarning 2020 yil 16 fevraldagi 209-sonli ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Jorjo Geno murdasining tanasi chuqur chirigan holatdagili uchun o‘lim sabablarini qat’iyan aniqlashning imkoni bo‘lmagan. Ammo uning ichki a’zolari – yurak, qon tomirlarida aniqlangan patologik o‘zgarishlar, sud-kimyo tekshiruvida qonidan 0,5 profille alkogolning topilishi, o‘lim alkogoldan mastlik fonida o‘tkir yurak qon tomir yetishmovchiligidan yuz bergan bo‘lishi mumkinligidan dalolat beradi. O‘lim yuz berishidan to murda tanasining sud tibbiy tekshiruvigacha murdada kechgan o‘zgarishlarning darajasi inobatga olinganda, 3 sutkadan ko‘p, ammo 10 sutkadan ko‘p bo‘lmagan vaqt o‘tgani aniqlangan. Jorjo Genoning tanasida biror bir jarohat izlari topilmagan. Uning ichki a’zolarida kardioskleroz kasalligining morfologik belgilari borligi aniqlangan.
Mirobod tumani Tibbiyot birlashmasi markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasining joriy yil 24 fevraldagi ma’lumotnomasiga ko‘ra, Jorjo Geno poliklinikaga murojaat qilmagani aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining ma’lumotnomasida esa, Jorjo Geno 2019 yilning 31 oktyabr kuni Kuala-Lumpur – Singapur orqali Toshkent shahriga kirib kelgani aytiladi. U 2019 yilning 27 noyabr kuni Toshkent shahridan Turkiyaning Istanbul shahriga jo‘nab ketgan va shu yilning 5 dekabr kuni Toshkentga qaytib kelgan. 2020 yilning 2 yanvar kuni Toshkent shahridan Olma-otaga safar qilgan va oradan uch kun o‘tib, 5 yanvar kuni yana Toshkentga qaytgan. So‘nggi safarini Istanbulga qilgan Jorjo Geno 4 fevral kuni Istanbulga uchgan va 9 fevral kuni Toshkentga qaytib kelgan.
1992 yilning 1 sentyabr kuni Italiyada tug‘ilgan Jorjo Genoning murdasi joriy yilning 16 fevral kuni biror bir tan jarohati yoki qotillik alomatlarisiz topilganidan kelib chiqib, Toshkent shahar Mirobod tumani prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.
LiveBarchasi