Toshkentda o‘quvchini olib ketmoqchi bo‘lgan erkak qamaldi
3-sahifa
−
21 fevral 2023
15407Avval xabar berganimizdek, ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum erkak kishi yosh bolani qo‘lidan ushlab tortgani va bola undan qochib ketgani aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lumot berib, voqea Toshkent shahar Yashnobod tumani Aviasozlar-2 dahasidagi 151-sonli maktab oldida sodir bo‘lganini ochiqlagandi. Bugun, 21 fevral kuni ushbu harakatni sodir etgan erkakka nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Zo‘rTV” telekanalining “Bu kun” informatsion dasturida xabar qilindi.
1994 yilda tug‘ilgan ayblanuvchining aytishicha, u bolani yiqilib ketishdan asramoqchi bo‘lgan.
“Shoshilib ketayotgan ekan. To‘xta, shoshma, yiqilib tushasan, degan ma’noda to‘xtatdim. Yaxshi bola ekan. Salom ham berdi. Qayerga ketyapsan desam, qiz o‘rtog‘imnikiga dedi. Kulgim qistab, qolgan savolni berishga ulgurmasimdan, buyoqdan ayol kishining bolani qo‘yvor degan ovozi keldi. Keyin mayli onasining nazoratida ekan deb, qo‘yvordim”, degan u.
Sud hukmiga ko‘ra, erkak mayda bezorilik qilgan deb topildi. Ushbu harakatlari sabab MJtKning 183-moddasi bilan erkakka 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, 31 yanvar kuni Toshkent shahar Yangihayot tumanida zo‘ravonlik va qotillik alomatlari bilan 12 yoshli qizning murdasi topilgan edi. Unda gumonlanuvchi shaxs qizni maktabdan qaytayotganda ta’qib qilib kelgan va zo‘rlab o‘ldirgandi.
LiveBarchasi