Toshkentda o‘qituvchilar uyma-uy yurib, aholini ro‘yxatga olishi buyurildi. Vazirning bunga aloqasi bormi?
Jamiyat
−
10 noyabr 2022
8543Toshkentda o‘qituvchilar uyma-uy yurib, maktab yoshidagi bolalarni ro‘yxatga olmoqda. Bu haqda bloger Nikita Makarenko o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Uning qayd etishicha, 160-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilari u yashaydigan xonadon qo‘ng‘irog‘ini chalishgan. O‘qituvlarga vazirlik tomonidan ish vaqtida uyma-uy yurib, mikrohududdan kimning farzandii bor yo yo‘qligi haqida ma’lumot to‘plash bo‘yichyaa topshiriq berilgan.
Makarenko Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidovga ochiq xat yozib, shunday deydi:
“Menda ajoyib fikr bor! Hurmatli vazir Saidov! Bu ishni o‘zingiz qilishni xohlaysizmi? Ofisdan chiqing, sayrga boring. Ishonchim komilki, siz konditsioner ostida o‘tirib, hech narsa bilan band emassiz.
Bilasizmi, bolalarni o‘qitish uchun o‘qituvchilar kerak. Vazirligingiz bu haqiqatni allaqachon unutganini tushunaman, sizda boshqa ishlar bor”, deydi Makarenko.
Blogerning ushbu chiqishiga Xalq ta’limi vazirligi ham zudlik bilan munosabat qildi.
“Ijtimoiy tarmoq orqali maktab o‘qituvchilari tomonidan hududdagi xonadonlarda yashovchi maktab yoshidagi bolalar haqida ma’lumotlar yig‘ilayotgani haqida tarqalgan xabar yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi:
Eng avvalo, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari va ta’lim muassasalarga hech qanday alohida topshiriqlar berilmaganligini ma’lum qilamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi 140-son qaroriga muvofiq, maktab yoshidagi bolalarni umumiy o‘rta ta’limga qamrab olish tuman (shahar) hokimliklari qarori asosida umumta’lim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) doirasida shu umumta’lim muassasasi tomonidan ro‘yxatga olish orqali amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra maktab rahbariyati o‘z maktabiga biriktirilgan mikrohududda yashayotgan va kelgusida maktabga kelishi mumkin bo‘lgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotga ega bo‘lishi kerak.
Shu bilan birga, bu jarayon bugungi kunda elektron tizim orqali amalga oshirilib, buning uchun maktab pedagoglari uyma-uy yurishi zaruriyati yo‘q. So‘nggi 2 yildan buyon Toshkent shahri va viloyatlar markazlaridagi umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari elektron shaklda (onlayn) amalga oshirilmoqda.
Buning uchun Vazirlikning elektron axborot tizimi (my.maktab.uz) tegishli vazirlik idoralar bilan integratsiya qilingan holda ma’lumotlar olinmoqda. Xususan qabul jarayonlarida ota-onalarning yashash manzili to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligining manzil-ro‘yxat axborot tizimi bilan, mikrohudud (mahalla) to‘g‘risidagi ma’lumotlar esa axborot tizimlarni integratsiya qilingan holda aniqlanadi.
Joylardagi ayrim rahbarlarning “tashabbusi” bilan mikrohudud bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish jarayoniga pedagog-xodimlarni jalb qilish va ularni faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb qilish esa mutlaqo taqiqlanganligini eslatib o‘tamiz.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 14 avgustdagi PQ-3907-son qaroriga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilarining dars va to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etish hamda sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar bo‘yicha hisobotlar va qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilish hamda xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish qat’iyan taqiqlangan.
Xalq ta’limi vazirligi barcha maktab direktorlari va pedagog xodimlariga ularning lavozim majburiyatlariga kirmaydigan ishlarga jalb etish qat’iyan ta’qiqlanganligini, bu kabi holatlar yuzaga kelgan taqdirda Vazirlikning 71-202-09-09 “Ishonch telefoni”ga murojaat etishlari mumkinligini eslatib o‘tadi”, deyiladi vazirlik munosabatida.
LiveBarchasi