Toshkentda tez yordam ko‘chada yuragi xuruj qilgan erkakni tashlab ketdimi?
Jamiyat
−
03 iyul 11993 1 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida tez yordam brigadasi ko‘chada yurak xuruji bilan yotgan erkak bemorni shifoxonaga olib ketishdan bosh tortgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Respublika tez tibbiy yordam markazi munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 31 may kuni soat 12:31 larda 103 xizmatiga Yashnobod tumanidagi Boysun va Baku ko‘chasi chorrahasida joylashgan metro deposi oldida yotgan bemorga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha chaqiriq kelib tushgan.
Tibbiy brigada chaqiruv manziliga 12:51 da (15 daqiqada) yetib borgan. Tibbiyot xodimlari 1962 yilda tug‘ilgan bemor M.A.ni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazganda unda yengil mastlik holati aniqlangan.
Fuqaroning qolgan barcha hayotiy ko‘rsatkichlari me’yorda bo‘lganligi sababli u ichki ishlar organlari xodimlariga topshirilib, navbatdagi chaqiruv bo‘yicha ketgan.
“Ayni paytda M.A. xushyorxonaga topshirilgan”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshida ham Toshkent shahar tez tibbiy yordam brigadasi xodimlari tomonidan bemor 4 soat davomida bir necha tibbiyot muassasasiga olib borilgani, yakunda u ko‘p qavatli uy yo‘lagida qoldirib ketilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Respublika tez tibbiy yordam markazi esa bemor Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filialida rejali ravishda muolajalar olganini ma’lum qildi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr