Toshkentda tarbiyachi bolaga shippak uloqtirdi
3-sahifa
−
25 yanvar
6389Bir qancha ommaviy axborot vositalarida Toshkent shahri, Yunusobod tumanida joylashgan bog‘chalardan birida tarbiyachi bolaga shippak otgani va oqibatda unda qonli gematoma paydo bo‘lgani haqida xabarlar berildi. Ushbu holatga Bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.
“So‘nggi paytlarda turli ta’lim muassasalarida bolalarga qo‘pol muomala yoki ozor berilishi oqibatida ularga turli darajadagi jarohat yoki emotsional-psixologik ta’sir ko‘rsatish faktlari uchramoqda. Bolalar ombudsmani bola manfaatlarining bunday tarzda buzilishi holatlariga mutlaqo murosasiz bo‘lib, tarbiyachi va pedagoglar o‘zining birlamchi vazifasi, ya’ni bolaga ta’lim va tarbiya berishga zid ravishda bolaning jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga zarar yetkazishi – yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat, deb hisoblaydi”, deyiladi ombudsman munosabatida.
Bildirilishicha, aynan shuning uchun ham maktabgacha ta’lim va maktab muassasalarida bolalarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik, nomunosib muomalaga yo‘l qo‘yayotgan shaxslar nafaqat lavozimidan yoki vazifasidan ozod etilishi, balki har qanday holatda qonun doirasidagi tegishli javobgarlikka tortilishi shart.
“Bunda javobgarlik choralari bolaning ota-onasi e’tiroz bildirishi yoki bildirmasligidan qat’iy nazar qo‘llanilishi zarur. Zero, bolalarga nisbatan sodir etilgan har qanday zo‘ravonlik holatining javobsiz qolishi nafaqat bunday noma’qul amaliyotni davom etishiga, balki farzandlarimiz ko‘zida kattalarga bo‘lgan ishonchning yo‘qolishiga olib keladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Toshkent shahri, Yunusobod tumani, 255-maktabgacha ta’lim muassasasida voyaga yetmagan A.S.ga nisbatan bo‘lgan holat bolaning onasi bilan bog‘langan holda Bolalar ombudsmani va Ichki ishlar organlari tomonidan o‘rganilmoqda. Bu haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
LiveBarchasi