Toshkentda tadbirkorlardan ortiqcha soliq undirgan mas’ullar lavozimidan “uchdi”

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida soliq to‘lovchilardan foyda solig‘i bo‘yicha ortiqcha bo‘nak to‘lovlari undirilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Soliq qo‘mitasi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, holat Soliq qo‘mitasi tomonidan tezkor ko‘rib chiqilgan. Qo‘mitaning mas’ul xodimlari ishdan olingan. Xususan, ushbu kamchiliklarga yo‘l qo‘yganliklari uchun Soliq qo‘mitasi mas’ul nazorat departamenti boshlig‘i B.M. va Toshkent shahar bo‘lim boshlig‘i O.L. egallagan lavozimlaridan ozod etilgan.

Shuningdek, Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Yu.N. va Boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari J.M.ning maxsus unvonlari bir pog‘onaga pasaytirilib, intizomiy jazo chorasi belgilangan.

Bundan tashqari, Soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish departamenti boshlig‘i X.B.ga nisbatan hayfsan intizomiy jazo chorasi tayinlandi.

Buning ortidan foyda solig‘i bo‘nak to‘lovlari hisobidan byudjetga undirilgan ortiqcha mablag‘larni bugun, 28 mart kuni soat 13:00 ga qadar soliq to‘lovchilarga to‘liq qaytarish vazifasi belgilangan.

“Qayd etilgan holatlar bo‘yicha Toshkent shahar soliq organlarida maxsus boshqarma tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazish va natijalari bo‘yicha hujjatlarni huquqni himoya qilish organlariga yuborish vazifasi topshirildi”, deyiladi Soliq qo‘mitasi bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Soliq qo'mitasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing