Toshkentda Suriyaga “jihod” uchun ketishni rejalashtirgan 11 kishi qo‘lga olindi
Jamiyat
−
30 iyun 2020
18844Bugun, 30 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi hamda Toshkent shahar DXXB, IIBB xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent shahri hududida yashirin faoliyat olib borgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilotining bir guruh tarafdorlari qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xususan, IIV huzuridagi Tergov Departamenti yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi doirasida Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontohur tumanlari hududidagi 8 ta manzillarda tintuv tadbirlari o‘tkazilib, 11 nafar shaxslar ichki ishlar idoralariga keltirildi.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur shaxslar hozirda Suriyada terroristik faoliyat olib borayotgan “Tavhid va jihod katibasi” jangarilarining g‘oyaviy ta’siriga tushgan holda Toshkent shahrida yashirin guruh tuzib, noqonuniy yig‘ilishlar davomida internet tarmog‘i orqali ko‘chirib olingan ekstremistik mazmundagi materiallarni muhokama qilib kelishgan hamda “hijrat” va “jihod” amallarini bajarish maqsadida Suriya davlatiga chiqib ketishni rejalashtirishgan.
Ushlangan shaxslarning yashash manzillaridan jinoyatga aloqador bo‘lgan ashyoviy dalillar topilib, qonuniy tartibda rasmiylashtirilib olingan.
Hozirda tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, “Tavhid va jihod katibasi” O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi qarori bilan terroristik deb topilib, O‘zbekiston hududida uning faoliyati taqiqlangan.
LiveBarchasi