Toshkentda soxta Bosh prokuratura xodimi ushlandi
3-sahifa
−
15 dekabr 2022
10600Toshkentda soxta Bosh prokuratura xodimi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “O‘zbekiston-24” telekanalining “Vaziyat-24” ko‘rsatuvida Bosh prokuratura xodimi hujjatlarsiz avtomashina boshqarib kelgani haqida lavha berilgan.
Ushbu lavhada aytilishicha, joriy yilning 13 dekabr kuni Chilonzor tumanida Spark mashinasi shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi inspektorlari tomonidan to‘xtatilgan. Haydovchidan hujjatlari so‘ralganda, u o‘zini Bosh prokuraturaning xodimi sifatida tanishtirgan. Haydovchi guvohnomasini ko‘rsatganda, guvohnoma xolislar ishtirokida tegishli tartibda rasmiylashtirib olib qo‘yilgan.
Mazkur holat Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilganda, haydovchi prokuratura organlarida ishlamasligi va u ko‘rsatgan guvohnoma qalbakiligi aniqlangan.
Holat bo‘yicha Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “b” bandi va 3-qismi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura lavhani tayyorlaganlarni ma’lumotni to‘liq o‘rganmasdan, bir yoqlama fikr bilan taqdim etganlikda ayblagan.
“Shuni qayd qilish lozimki, mazkur lavhani tayyorlash va ma’lumotlar taqdim qilishga mas’ul bo‘lgan matbuot xizmati tomonidan holatga to‘liq oydinlik kiritilmasdan, bir yoqlama va noxolis taassurot va tushunchalarga sabab bo‘ladigan ma’lumot taqdim qilingan”, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
LiveBarchasi