Toshkentda Putinsevar raqqosning “tomoshasi” to‘xtatildi. Polunin janjal ko‘taryapti

Madaniyat-san’at

image

Madaniyat vazirligi Rossiyalik taniqli balet raqqosi Sergey Poluninning Toshkentdagi konsertida u ijro etmoqchi bo‘lgan raqs to‘xtatib qo‘yilganiga izoh berdi.

Mazkur holat Polunin joriy yilning 26 sentyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Davlat Akademik katta teatrida “halok bo‘lgan rus askarlari” haqidagi qo‘shiq sadolari ostida yakkaxon raqs tushmoqchi bo‘lgan vaqtida yuz bergan.

Vazirlikka ko‘ra, mazkur balet namoyishi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkillashtirilgan va Sergeyning ijro dasturi premeradan bir necha kun oldin artistlarga taqdim qilingan. Biroq, raqqos tasdiqlangan va jamg‘arma rasmiy sahifasiga joylashtirilgan dasturga amal qilmagan holda chiqishini havola etgan. Bu bilan Polunin o‘zaro kelishuvni buzgan. 

“Qilg‘ilikni qilib, keyin o‘zini jabrdiyda qilib ko‘rsatib, provakatsion so‘zlar bilan O‘zbekiston imijiga, sha’niga putur yetkazishga urinish holatiga aslo toqat qilib bo‘lmaydi. Bu san’atkorning misqollab yiqqan obro‘siga ham soya solishi turgan gap. “Yo‘q, men sahnada ko‘nglim tusaganini qilaman”, degan qat’iy fikrda bo‘lsa, agar buni o‘z yurtidagi sahnalar ko‘tarsa, marhamat, o‘sha yerda qilgani ma’qul ”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Shuningdek, 27 sentyabr kuni raqqos o‘zining Instagram sahifasida Toshkentda “taqiqqa uchragan” qo‘shiq o‘zining vatanparvarlik ruhi hamda kremlparast kayfiyatdagi ashulalari bilan tanilgan rossiyalik xonanda SHAMAN'ning "Vstanem" (Oyoqqa turamiz) treki bo‘lganini bildirgan. Bundan tashqari, u, tashkilotchilar teatr jamoasiga sutkalik to‘lov to‘lamaganiga e’tiroz bildirgan. 

“Ular vaqt sarflab, sahnaga chiqishgan, ikkita konsertni muvaffaqiyatli o‘tkazishgan edi. Shundan keyin bizni sudga berib, to‘lagan pullarini qaytarib olishga qaror qildilar”, degan Polunin Instagram sahifasida.

Bunga esa Madaniyat vazirligi quyidagicha javob bergan:

“Bu taraflar o‘rtasidagi o‘zaro kelishuv shartlari qandayligiga bog‘liq. Aslida shartlar namoyishdan ancha avval har ikki tarafga ayon bo‘ladi va dasturning taqdim etilishi, demakki, uning bandlariga rozilik bildirib, qabul qilinganini ifodalaydi. Biz bunga chuqur kirmoqchi emasmiz. Lekin bir jihatni aytgan bo‘lardikki, ushbu masalani ham olamga jar solib emas, asl madaniyatli insonlardek muzokara yo‘li bilan muhokama qilgan ma’qul”, deyilgan Madaniyat vazirligi munosabatida.


Maqola muallifi

Teglar

Sergey Polunin

Baholaganlar

608

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar