Toshkentda “prava” olib bermoqchi bo‘lgan firibgarlar ushlandi
Jamiyat
−
18 Sentabr 2023
3043Toshkent shahrining Uchtepa tumanida Haydovchilik guvohnomalarini olib berishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Unga ko‘ra, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchtepa tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIV xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.T. fuqarolar M.A. va T.A.ga 3 300 AQSH dollari evaziga go‘yoki IIBda ishlovchi tanishlari yordamida hech qanday o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashmasdan “B”, “S”, “D” toifali haydovchilik guvohnomalarini olib berishni va’da qilgan.
“Firibgarlar aldov yo‘li bilan 1 650 AQSH dollarini ikki nafar fuqarodan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan”, deyiladi departament xabarida.
Bundan tashqari, Departamentning Xonobod shahar bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda “A.G.” MCHJga qarashli avtomaktabning boshqaruv ustasi I.S. fuqaro F.M.ga tanishlari yordamida “V” toifadagi haydovchilik guvohnomasi olib berishni va’da qilgan. U 650 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Xabarda aytilishicha, mazkur holatlar yuzasidan jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida tanishining o‘g‘lini 1500 AQSH dollari evaziga Buxoro davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi