Toshkentda ota 150 ming dollar aliment to‘ladi
Jamiyat
−
30 avgust 6975 2 daqiqa
Toshkent shahrida ota 3 nafar farzandi uchun oldindan 150 ming dollar aliment to‘ladi. Bu haqda Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, byuroning Uchtepa tuman bo‘limi ish yurituviga Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining 2018 yil 17 maydagi hamda shu sudning 2022 yil 20 apreldagi sud buyrug‘lariga asosan, qarzdor B.T.dan undiruvchi B.G. foydasiga 3 nafar farzandi voyaga yetguniga qadar har oyda qarzdorning ish haqi va boshqa daromadlaridan 1/3 qismi miqdorida aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgan.
Byuroning tuman bo‘limi tomonidan mazkur aliment undiruviga oid ijro ishi qo‘zg‘atilib, tomonlarga yuborilgan. Olib borilgan ijro harakatlari davomida qarzdor erkak voyaga yetmagan 3 nafar farzandi ta’minoti uchun to ular voyaga yetguniga qadar oldindan aliment miqdorini hisoblab berishini so‘rab, bo‘limga ariza bilan murojaat qilgan.
Shunga ko‘ra, voyaga yetgunga qadar oldindan to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment miqdori O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 145-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 iyundagi 808-sonli qaroriga asosan MIB elektron dasturi orqali aliment pullari 2025 yil 1 iyuldan 2040 yil 2 fevralga qadar hisoblanganda jami 1 mlrd 847 mln 413 ming 73 so‘mni tashkil qilgan.
Olib borilgan ijro harakatlar davomida ota tomonidan kecha, 29 avgust kuni 150 000 AQSH dollari ko‘rinishida aliment pullari undiruvchi foydasiga to‘lab berilgan va mazkur ijro ishi amalda tamomlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar Uchtepa tumanida qarzdor ota 2,4 mlrd so‘m miqdoridagi aliment pullarini oldindan to‘lagani xabar qilingandi. Undan oldinroq esa Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida fuqaro 1 nafar farzandi uchun 2,2 mlrd so‘mlik aliment mablag‘ini bir kunda to‘lab, rekord o‘rnatgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr