Toshkentda narkotik savdosi uchun tashkil qilingan Telegram-bot fosh etildi (video)

3-sahifa

image

Toshkentda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Telegram messenjeri orqali noqonuniy giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar savdosi uchun yaratilgan maxsus bot fosh qilindi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, mazkur bot orqali kripto-aktivlarni olish, o‘tkazish hamda ayirboshlash bilan shug‘ullangan shaxslar ham aniqlangan.

Poytaxtning Yunusobod tumanida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 1997, 2001 yilda tug‘ilgan shaxslar qo‘lga olingan. Ular tomonidan ushbu bot boshqarib kelingani aniqlangan.

Tezkor tadbir davomida 4 dona telefon, 3 dona noutbuk, 12 dona turli xil bank plastik kartalari, 11 dona SIM-karta, shuningdek, qog‘ozga o‘ralgan giyohvandlik moddalari topilib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

Shu bilan birga, gumonlanuvchilarning telefonlari ko‘zdan kechirilganda xorijiy va boshqa elektron kripto-hamyonlar orqali 95 mingga yaqin tranzaksiya amalga oshirilgani, umumiy hisobda 2 mln 375 ming dollarga teng miqdorda kripto-aktivlar aylanmasi bo‘lgani aniqlangan.

Gumonlanuvchi shaxslardan biri tomonidan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar savdosi uchun yaratilgan maxsus kanal ham boshqarib kelingani aniqlangan. Shuningdek, tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida gumonlanuvchilardan birining xonadoni ko‘zdan kechirilganda, uning yashash manzilidan 550 dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilar topilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi (kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish), 243- (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) va 251-1-moddalari (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida ijaraga olingan xonadondan narkolaboratoriya sifatida foydalangan bir guruh yoshlar qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Yunusobod Telegram narkotik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing