Toshkentda narkosavdogar er-xotin ushlandi (video)
3-sahifa
−
15:55 1283 2 daqiqa
Toshkent shahrining Yangihayot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida katta miqdordagi giyohvandlik moddalari aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, muqaddam Jinoyat kodeksining 276-(giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) va 168-moddalari (firibgarlik) bilan sudlangan F. ismli shaxs qo‘lga olingan. Uning yonidan giyohvandlik vositalari topilib, daliliy ashyo sifatida xujjatlashtirilgan.
Tezkor tadbir davom ettirilganda K. va V. ismli shaxslar ham qo‘lga olingan. Ularning ikkisi ham muqaddam Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan sudlangan. Mazkur shaxslarning yonidan ham giyohvandlik vositalari topilgan. Shundan so‘ng, V. ismli shaxsning Sergeli tumanidagi yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Uydan 45 dona qadoqlangan, sotish uchun tayyorlab qo‘yilgan giyohvandlik moddalari va uch dona paketda yana boshqa turdagi giyohvandlik vositalari topilgan.
Xabarga ko‘ra, V. ning turmush o‘rtog‘i ham qo‘lga olingan. Muqaddam sudlangan ushbu ayolning Sergeli tumanidagi yashash xonadoni ham ko‘zdan kechirilganda 602 gramm giyohvandlik moddalari borligi aniqlangan. V. bilan o‘tkazilgan surishtiruvlar davomida u ko‘p qavatli uyning tom qismiga keyinchalik sotish maqsadida 1 kg 50 gramm giyohvandlik vositalarini yashirib qo‘yganini ma’lum qilgan. Giyohvand moddalar xolislar ishtirokida daliliy ashyo sifatida xujjatlashtirib olingan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida umumiy hisobda bahosi 2 milliard 598 million so‘mga teng bo‘lgan 1 kg 777 gramm giyohvandlik vositalari olingan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada kartoshkalar ichiga narkotik moddalarni yashirib olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangan edi.
Shahzoda Shukurullayeva
Live
Barchasi