Toshkentda 260 foizgacha foyda va’da qilgan moliyaviy piramida ta’sischilari ushlandi

Jamiyat

image

Joriy yilning 17 noyabr kuni Toshkent shahar IIBB “Golden Cash story” MCHJ ko‘rinishdagi xorijiy korxona va uning mansabdor xodimlariga nisbatan pul mablag‘larini jalb etishga doir noqonuniy faoliyat bilan bog‘liq moddalar bilan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. 

Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Ukraina fuqarosi 29 yoshli M.M Toshkent shahrida “Golden Cash story” MCHJ shaklidagi xorijiy korxona ta’sis etgan. So‘ngra bir guruh shaxslar bilan oldindan til biriktirib, korxonaning asosiy faoliyat ulgurji savdo bo‘lsada, pul mablag‘lari va mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanib kelgan. 

Ma’lum qilinishicha, “Golden Cash story” MCHJ ushbu korxonaga tilla va kumush buyumlarini investitsiya tariqasida kiritgan taqdirda, korxona tomonidan ishlab chiqarilgan tilla va kumush mahsulotlarini sotish orqali orttirgan daromadlaridan har kuni 2 foiz, yiliga 260 foizdan daromad berib borish bilan odamlarni qiziqtirib, fuqarolardan 100 dollardan 5 300 AQSH dollarigacha bo‘lgan narxdagi tilla va kumush buyumlarni qabul qilgan. 

Shuningdek, “Golden Cash story” MCHJ mijozlar oldidagi majburiyatlarini yangi mijozlar hisobidan go‘yoki daromad sifatida plastik kartalariga ma’lum miqdorda pul mablag‘larini o‘tkazish yo‘li bilan qiziqtirib, respublika bo‘yicha minglab fuqarolarning juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini qo‘lga kiritgan. Qayd etilishicha, ular o‘z faoliyatlarini targ‘ibot-tashviqot qilishda internet tarmoqlaridan foydalangan. 

Joriy yilning 17 noyabr kuni Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan “Golden Cash story” MCHJ ko‘rinishdagi xorijiy korxona va uning mansabdor xodimlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1881-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari (pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 

Xabarga ko‘ra, hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha fuqarolarga yetkazilgan zararni aniqlash ishlari amalga oshirilmoqda. Jinoyat ishi doirasida “Golden Cash story” MCHJning mansabdor shaxslari: M.M., v.K.,S.T., A.S., va X.Sh., larga 1881-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari bilan ayblov e’lon qilinib, har biriga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergovni Tergov departamenti olib bormoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

744

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing