Toshkentda mast erkak PPX xodimining beliga otvyortka tiqib oldi
3-sahifa
−
10 avgust 2023
8599Toshkent shahridagi “Qo‘yliq” bozorida 47 yoshli erkak patrul-post xizmati xodimining bel sohasiga otvyortka tiqib oldi. Bu haqda Milliy gvardiya axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 5 avgust kuni “Qo‘yliq” bozorida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi patrul-post xizmati xodimi mast holatda bozor bo‘ylab skuterda harakatlanayotgan fuqaroni to‘xtatgan vaqtda, u PPX xodimining qonuniy talabiga agressiv munosabatda bo‘lib, yonida bo‘lgan otvyortkani xodimning bel sohasiga tiqib, voqea joyidan yashiringan.
Bozor hududida jamoat tartibini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi voqeadan xabar topib, darhol ushbu shaxsni qo‘lga olish choralarini ko‘rgan. Bir necha daqiqadan so‘ng Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi gumonlanuvchini qo‘lga olib qurolsizlantirgan va Bektemir tumanining 4-sonli IIB bo‘limiga olib borib topshirgan.
Dastlabki surishtiruv davomida ushbu shaxs Samarqand viloyatida tug‘ilgan 47 yoshli fuqaro A.R. ekanligi, ilgari og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganligi uchun bir necha bor jinoiy javobgarlikka tortilgani va 2016 yilda ozodlikka chiqqani ma’lum bo‘lgan.
Xabarda aytilishicha, jabrlangan xodim shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlar uning ahvolini qoniqarli deb baholamoqda.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Fuqaro A.R. gumonlanuvchi sifatida protsessual tarzda hibsga olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida “Xaqiqat, taraqqiyot va birdamlik” partiyasini tuzish uchun imzo to‘plash jarayonida Xidirnazar Olloqulov bir nechta tarafdorlari bilan ikki nafar ichki ishlar xodimiga tan jarohati yetkazgani haqida xabar berilgan edi.
LiveBarchasi