Toshkentda “MEI” milliy tadqiqot universiteti filiali tashkil etiladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 4 iyun kuni “Toshkent shahrida “MEI” milliy tadqiqot universiteti” federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori

Respublikaning energetika tarmog‘i uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, oliy ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, 2018-2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan amaliy tadbirlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”)ni ijro etish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Energetika vazirligi, Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi, “O‘zbekgidroenergo” AJ, “MEI” milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasining (Rossiya Federatsiyasi) (keyingi o‘rinlarda – Universitet) Toshkent shahrida “MEI” milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filialini (keyingi o‘rinlarda – Filial) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar Filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

mamlakatimiz energetika tarmog‘i uchun ta’lim dasturlari va oliy ta’lim sifatiga qo‘yiladigan xalqaro talablarga muvofiq yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni tayyorlash;

zamonaviy ta’lim dasturlari va o‘qitish shakllarini ishlab chiqish va joriy etish, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning eng so‘nggi yutuqlarini tatbiq etish, o‘quv-pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash;

energetika, elektrotexnika, issiqlik texnikasi sohasida fundamental, amaliy ilmiy va innovatsion tadqiqotlar olib borish, elektr jihozlari va tizimlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, elektr energetikasi tizimlarining tejamkorligi, ishonchliligi va barqarorligini oshirishga yo‘naltirilgan innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

ilm-fan va ta’lim sifatini, uzluksizligi va uzviyligini oshirish, jahon ta’limi va ilmiy hamjamiyatiga maqsadli integratsiyalashuv orqali mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ta’lim, ilmiy-tadqiqot va sanoat ishlab chiqarish faoliyatining uzviy integratsiyasi uchun shart-sharoitlar yaratish;

ta’lim va ilmiy-texnik sohalarda xorijiy davlatlarning yetakchi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash;

shartnoma asosida energetika tarmog‘i tashkilotlarning ehtiyojlarini hisobga olgan va kelishilgan holda talab yuqori bo‘lgan bakalavriat ta’limi yo‘nalishlari (magistratura mutaxassisliklari) bo‘yicha mutaxassislarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

Filial Universitetning alohida tarkibiy bo‘linmasi – oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;

Filial kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olgan va kelishilgan holda bakalavriat ta’limining asosiy yo‘nalishlari (magistratura mutaxassisliklari) bo‘yicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, shu jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi;

Filialda ta’lim O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va ta’lim dasturlari asosida Rossiya Federatsiyasining federal ta’lim standartlariga muvofiq rus tilida, keyinchalik boshqa tillarda ham amalga oshiriladi;

Filialning ta’lim faoliyati 2019/2020 o‘quv yilidan boshlanadi;

Filialga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi; 

Filial bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi;

Filial faoliyati O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.

4. Universitet:

o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik hamda axborot texnologiyalarini, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etish;

Filial mutaxassislarining malakasini oshirish va professor-o‘qituvchilari tarkibini qayta tayyorlash;

Filialning kutubxona fondini shakllantirish hamda uni zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy-texnik adabiyotlar bilan to‘ldirishga ko‘maklashishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

5. Quyidagilar:

Toshkent shahridagi “MEI” milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filialida kadrlar tayyorlash bo‘yicha bakalavriat ta’limining asosiy yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari 1-ilovaga muvofiq;

Toshkent shahridagi “MEI” milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filialining Vasiylik kengashi (keyingi o‘rinlarda – Vasiylik kengashi) tarkibi 2-ilovaga muvofiq;

Toshkent shahridagi “MEI” milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filialini tashkil etish bo‘yicha Tashkiliy komissiya (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy komissiya)tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Belgilab qo‘yilsinki:

a) Filialga qabul kvotalari Universitet, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda Energetika vazirligi tashkilotlari, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zbekgidroenergo” AJ, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarning mutaxassislarga nisbatan real ehtiyojini inobatga olgan holda, Vasiylik kengashi qaroriga binoan tasdiqlanadi;

b) davlat granti asosida ta’lim olgan Filial bitiruvchilari Vasiylik kengashi tomonidan besh yildan kam bo‘lmagan muddatga majburiy ishlab berish uchun respublika energetika tarmog‘i tashkilotlariga taqsimlanadi;

v) Filial faoliyatini moliyalashtirish quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:

talabalarni davlat grantlari bo‘yicha o‘qitish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan, biroq Filialga o‘qishga qabul qilinadigan talabalar umumiy sonining 30 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda;

talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;

Vasiylik kengashi qarorlari asosida shakllantiriladigan pul mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda maqsadli badallari;

xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlarning grantlari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;

g) Universitet mutaxassislarini jalb qilish bilan bog‘liq xizmat safari xarajatlari, Filialdagi mahalliy o‘qituvchilarning stajirovka o‘tash va malakasini oshirish xarajatlarini moliyalashtirish “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zbekgidroenergo” AJ, Filialning byudjetdan tashqari mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda maqsadli badallari hisobidan amalga oshiriladi;

d) Universitetdan jalb qilinadigan professor-o‘qituvchilarning xizmat safari xarajatlari uchun to‘lov:

30 kungacha bo‘lgan qisqa muddatli xizmat safarlari bo‘yicha – Rossiya Federatsiyasining qonun hujjatlarida oliy ta’lim muassasalari xodimlari uchun belgilangan normalarga muvofiq;

uzoq muddatli xizmat safarlari bo‘yicha – o‘quv jarayoni ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, tuziladigan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi;

ye) Vasiylik kengashining qaroriga binoan Filial xodimlariga Vasiylik kengashi tomonidan shakllantiriladigan mablag‘lar va Filialning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan maxsus uskunalar bilan ishlash ko‘nikmasiga ega, yuqori malakali xodimlar uchun shaxsiy ustamalar belgilanishi mumkin;

j) Filial ta’minoti uchun byudjet ajratmalari 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining ijtimoiy soha bo‘yicha tasdiqlangan xarajatlar parametrlari doirasida ajratiladi, 2020 yildan boshlab esa mazkur sohaning yillik xarajatlar parametrlarida nazarda tutiladi.

7. “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “O‘zbekgidroenergo” AJning Filialni tashkil etish, uning moddiy-texnik va o‘quv bazasini shakllantirish, shu jumladan, Filial uchun ajratilgan bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash, ularni zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari, kompyuter va orgtexnika, adabiyotlar va kutubxona fondi, inventar, mebel va boshqa moddiy-texnik vositalar bilan jihozlash bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni quyidagi nisbatlarda o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin:

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ – 50 foiz; “O‘zbekgidroenergo” AJ – 50 foiz.

8. Quyidagilar operativ boshqaruv huquqi asosida:

Toshkent shahri, Olmazor tumani, Mirzo G‘olib ko‘chasi, 1-uy manzilida joylashgan Olmazor politexnika va standartlashtirish kasb-hunar kollejining bino va inshootlari tutash hududi bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga berilsin;

Toshkent shahri, Olmazor tumani, Qoraqamish-3 manzilida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatining bino va inshootlari tutash hududi bilan birga Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetiga berilsin va keyinchalik ushbu joyda Filial bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

Belgilansinki, hozirgi kunda Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati binolarida tahsil olayotgan Toshkent bank kolleji o‘quvchilari o‘qish tugagunga qadar ta’lim jarayonini Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetiga berilayotgan bino va inshootlarda, Olmazor politexnika va standartlashtirish kasb-hunar kolleji o‘quvchilari esa Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga berilayotgan bino
va inshootlarda davom ettiradi.
9. Tashkiliy komissiya (A.Sultonov):

2019 yil 1 iyulga qadar Filialga taqdim etilayotgan bino va inshootlar, shu jumladan, o‘quv-laboratoriya korpusi va sport inshootlarining rekonstruksiya qilinishi, shuningdek, Filial talabalari va o‘qituvchilari yashashlari uchun yotoqxonalar tayyorlanishi;

2019 yil 20 avgustga qadar Filial joylashtirilishi, Filialga taqdim etilayotgan bino va inshootlarning zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari, kompyuter va orgtexnika, adabiyotlar va kutubxona fondi, inventar, mebel va boshqa moddiy-texnik vositalar bilan jihozlanishini ta’minlasin.

10. Filialga o‘qituvchilik va ilmiy ishlar uchun taklif qilinadigan xorijlik professor-o‘qituvchilarning yashash hamda transport xarajatlarini tuziladigan shartnomalar asosida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflarda to‘lashga ruxsat berilsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Universitet, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “O‘zbekgidroenergo” AJ bilan o‘zaro hamkorlikda:

bir oy muddatda ta’sis hujjatlari ishlab chiqilishi va kelishilishi, shuningdek, belgilangan tartibda Filial davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi;

ikki oy muddatda Filial tuzilmasi tasdiqlanishi;

2019 yil 1 avgustga qadar Filialning tanlov asosida malakali professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan to‘ldirilishini ta’minlasin.

12. Filialga taqdim qilinayotgan bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish, qurish, kapital ta’mirlash va jihozlash bilan bog‘liq ishlarning bajarilishi bo‘yicha quyidagilar:

“4-son qurilish direksiyasi” MCHJ – buyurtmachi;

“Gidroloyiha” AJ – bosh loyiha tashkiloti;

“Tupalang HPD Building” UK – bosh pudratchi tashkilot etib belgilansin.

13. Filialga ikkita yengil avtotransport, jumladan, bitta xizmat va bitta navbatchi avtotransport vositasini saqlashga limit ajratilsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda 2020 yil va keyingi yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini shakllantirishda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “O‘zbekgidroenergo” AJ mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan, Filialga taqdim qilinayotgan bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha loyihalar belgilangan tartibda kiritilishini ta’minlansin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Filial buyurtmanomalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-o‘qituvchilar tarkibi va ma’muriy xodimlar hamda ularning oila a’zolari uchun kirish vizalari konsullik hamda boshqa yig‘imlar undirilmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Filial buyurtmanomalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-o‘qituvchilar tarkibi va ma’muriy xodimlar hamda ularning oila a’zolari uchun davlat boji undirilmasdan belgilangan tartibda ko‘p martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazilishi hamda uning muddati uzaytirilishini ta’minlasin.

17. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Filial buyurtmanomalariga binoan Filial faoliyatini tashkil qilishda ishtirok etadigan malakali xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb etish uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, ko‘rsatib o‘tilgan fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) ta’minlasin.

18. 2022 yil 1 yanvarga qadar Filialni rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash, jihozlash va uning faoliyatini ta’minlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kiriladigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan o‘quv va ilmiy laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, o‘quv va ilmiy-uslubiy adabiyotlar, inventar, qurilish materiallari va moddiy-texnik resurslar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etilsin.

19. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 19 iyuldagi “Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 557-son qarorining 4-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

20. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Energetika vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

21. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 4 iyun


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori

Baholaganlar

64

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing