Toshkentda ko‘p qavatli uy fasadidagi tarixiy mozaikalar bo‘yab tashlanmoqda

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumanidagi “Katta Olmazor” mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uylarning fasad qismidagi bezakli kafellarning usti bo‘yalayotgani haqidagi e’tirozli fikrlar tarqaldi. Tuman hokimligi matbuot xizmati holatga munosabat bildirdi.

“Toshkentning aynan markazida joylashgan 9 qavatli uylarning fasadlaridagi aka-uka Jarskiylarning noyob mozaikalari yana vayron qilinmoqda”, deydi ijtimoiy tarmoq vakillari.

Chilonzor tumani hokimligining tegishli mutasaddilaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, mahalladagi mazkur uylar qurilganiga 40 yildan oshganligi sababli fasadlardagi mozaikalar ham ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Shu bois, 2022 yil  3 mart  sanasidagi VI-57-50-14-0-K/22  sonli “Toshkent shahrida ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish to‘g‘risida”gi Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan qabul qilingan qaror asosida pudratchi tashkilot tomonidan mahalladagi 9 qavatli uylarning fasadlarida ta’mirlash ishlari boshlangan.

Lekin shu yerda yashovchilarning ayrimlarida ta’mirlash ishlariga e’tiroz bo‘lgani uchun hozirda uylarning yon qismidagi  kafelli mozaikalarni bo‘yash ishlari to‘xtatilgan. Uylarning old va orqa qismlaridagi fasadlarni ta’mirlash ishlari davom ettirilmoqda. 

Mazkur holat yuzasidan Madaniy meros agentligi matbuot xizmati ham izoh berdi. Unga ko‘ra, agentlik mutaxassislari tomonidan respublikadagi mahobatli bezak san’atining na’munalarini saqlab qolish maqsadida o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Xususan, Toshkent shahar madaniy meros boshqarmasi tomonidan poytaxt bo‘ylab o‘rganish ishlari natijasida 150 dan ziyod binolarning fasad qismida tarixiy-badiiy ahamiyatga ega mozaikalar aniqlangan va hozirda ularni davlat himoyasiga olish ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Madaniy meros agentligi Ilmiy-ekspert kengashiga Toshkent shahridagi ko‘p qavatli binolardagi mahobatli san’at asarlarini madaniy meros ob’ektlari sifatida belgilash uchun loyihalar kiritilgan bo‘lib, olimlar tomonidan o‘rganilmoqda. 

“Ta’kidlash lozim, mazaikalar madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kiritilgach, Ilmiy-ekspert kengashi xulosasiga asosan san’at asarlariga yetkazilgan zarar uchun qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘riladi”, deyiladi xabarda.

Qayd etish kerak, bu ko‘cha muralining ilk bor yo‘q qilinishi emas. Bundan avval Inkuzart taxallusli rassomning UzAutoMotors monopoliyasiga bag‘ishlab chizgan graffiti, undan so‘ng esa benzin narxining oshib borishi oddiy o‘zbekistonliklarni “o‘ldirayotgani” aks etgan surati ham yo‘q qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangihayot tumanida “Menga yoqadi shunaqa narsalar, nega shaharda ko‘paytirmaysizlar”, deb ko‘p qavatli uyga chizilgan “Do‘stlik” muralini maqtagandi. Shunda yonidagi amaldorlar bunday suratlar yanada ko‘paytirilayotganini qo‘shimcha qilgandi.

Eh, afsuski, Prezident bunday ijod namunalari, san’at asarlari “kattakonlar”ning ko‘ziga xunuk bo‘lib ko‘rinishini bilmaydi-da. To‘g‘risiyam-da, hokimlarning birovning mehnati bilan nima ishi bor?! Ularning fikr-xayoli buzish, qurish va bo‘yash bilan band-ku.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

237

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing