Toshkentda kechqurun havo sifati yomonlashadi
Jamiyat
−
15:48 391 1 daqiqa
Bugun, 14 oktyabr kuni kechqurun Toshkent shahrida havo sifati yomonlashib, ayrim soatlarda “sezgir guruhlar uchun nosog‘lom” darajaga yetishi mumkin. Eng yuqori ifloslanish ko‘rsatkichlari soat 22:00–23:00 oralig‘ida shaharning shimoliy va g‘arbiy qismlarida kuzatilishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 14 oktyabrga o‘tar kechasi poytaxtda havo sifati asosan “o‘rtacha” darajada bo‘lgan. Biroq ayrim soatlarda va hududlarda havo sifati qisqa muddatga yomonlashgan.
Bunga kuchsiz shamol va harorat inversiyasi sabab bo‘lgan. Ushbu sharoit ifloslantiruvchi zarrachalarning yerga yaqin havo qatlamida to‘planishiga imkon yaratgan.
Milliy havo sifati indeksi bo‘yicha PM2,5 zarrachalari ko‘rsatkichi “yashil”, PM10 zarrachalari esa “sariq” darajada saqlangan.
Prognozlarga ko‘ra, bugun soat 10:00 dan 17:00 gacha havo sifati asosan “o‘rtacha” darajada, havo sifati indeksi (AQI) 75–100 oralig‘ida bo‘ladi. Soat 19:00 dan keyin havodagi zarrachalar miqdori oshishi, 20:00–23:00 oralig‘ida esa AQI 100–150 gacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Bu sezgir guruhlar, jumladan, nafas yo‘llari kasalliklari bo‘lgan insonlar uchun noqulay sharoit yuzaga kelishini anglatadi.
“Atmosfera havosi sifati maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Live
Barchasi