Toshkentda qizlarni Hindistonga fohishalikka jo‘natayotgan shaxs qo‘lga olindi
3-sahifa
−
21 dekabr 2022 7016 2 daqiqa
Joriy yilning 13 dekabr kuni Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan Toshkent xalqaro aeroportida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ikki qizni fohishalik qilish uchun Hindistonga jo‘natishga uringan shaxs vaqtda qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tergov-surishtiruv ma’lumotlariga ko‘ra, 1978 yilda tug‘ilgan M.U. namanganlik 19 va 27 yoshli opa-singilni aldab, ularning ishonchiga kirib, mo‘may daromad topishga ishontirib, Toshkent-Hindiston avia yo‘nalishi orqali fohishalik bilan shug‘ullanishlari uchun yubormoqchi bo‘lgan.
Aniqlanishicha, ushlangan shaxsning xotini hozirgi kunda Hindistonda bo‘lib, qizlarni kutib olishi va ularning fohishalik qilishlari uchun sharoit yaratishi kerak bo‘lgan. Er-xotin buning ortidan mo‘may daromad topishni rejalashtirgan. Hatto, qizlarning Hindistonga borish va viza xarajatlarini o‘zlari to‘lab bergan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxs va uning xotiniga nisbatan Qibray tumani Ichki ishlar boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, hozirda jinoyatga aloqador ayolni Hindistonda ushlash va ekstraditsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, viloyat IIBB tezkor xodimlari tomonidan 2022 yilning o‘tgan davri mobaynida 8 ta holatda 15 nafar shaxs qo‘lga olingan. Tadbirlar natijasida 12 nafar shaxsning, jumladan, 9 nafar ayolning odam savdosi qurboni bo‘lishining oldi olinishiga erishilgan.
Sohiba Komilovna
Live
Barchasi