Toshkentda qabriston mashmashasi: tuproq orasidan topilgan suyak kimniki?
Jamiyat
−
30 yanvar 2020
21766Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Bo‘z” (Lafarga) qabristonidagi qabrlar o‘rnida qurilish bo‘layotgani va mazkur hududdan odam suyaklari topilgani haqida xabarlar tarqaldi va bu ma’lumotlar katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. QALAMPIR.UZ zudlik bilan qurilish olib borilayotgan hududga yetib bordi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu qabriston Sobiq Sovet davrida – 1974 yilda yopilgan. 1991 yilda qayta ochilgan. 2008 yili yana noma’lum sabablarga ko‘ra yopilgan. Qabriston 2019 yilda qayta ochildi. Qabristonga yondosh hududda “Mulla Qosim” jome’ masjidi joylashgan. Joriy yil boshida ancha eskirgan namozgohni yangidan barpo etish, namozxonlarga sharoit yaratish maqsadida qurilish ishlari boshlangan.
Voqea joyiga yetib borganimizda fuqarolardan biri qo‘lida o‘zi topib olgan suyakni tutib turardi. U suyak mustaqil ekspertlar tomonidan tekshirilishi kerakligini talab qildi. Shu asnoda suyakdan bir bo‘lagini o‘zida olib qoldi va qolgan asosiy qismini ekspertizaga topshirdi. Ekpertlar uning natijasi belgilangan muddatda e’lon qilinishini bildirdi.
Mirzo Ulug‘bek tuman bosh imom-xatibi Akbarali Mamatovga ko‘ra, masjid juda eski bo‘lgani sabab tegishli qaror va tasdiqlangan loyiha asosida buzib, qaytadan qurish ishlari boshlangan.
“Ikki-uchta g‘alamislar qabriston buzilmoqda, deb xabar tarqatdi. Yaqin qarindoshining qabri shu yerda bo‘lgan insonlar kelib, qabrlar buzilmaganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, xotirjam qaytib ketishmoqda. Internetda yolg‘on xabarlar tarqatilishi ortidan ular o‘z “podpischik”larini ko‘paytirdi, dinga, insonlarga, masjid qurilishiga tuhmat bo‘ldi. Internetda tarqalgan suyak insonning suyagi emasligini bildik. Oxirgi yillarda qo‘yilgan qabrlarga ziyon yetmagan. Suyakni kim nima maqsadda tashlagan, biz buning sababini tushunmadik. Lekin bu mutlaqo yolg‘on xabar”, deydi tuman bosh imom-xatibi.
Masala jiddiy, e’tirozlar ham o‘z o‘rnida. Shu bois yaqin qarindoshlari shu qabristonga qo‘yilgan ko‘plab fuqarolar voqea joyiga yetib keldi. Ular mish-mishlarga aldanganini, qabrlar o‘z o‘rnida turganini aytadi. Voqeadan xabar topgan, o‘sha yerda yaqin qarindoshining qabri bo‘lgan Jamila Mansurova otasining qabriga zarar yetmagani va boshqalar ham bundan xavotirga tushmasligi kerakligini ta’kidladi.
“Bu yerda kimning yaqin qarindoshining qabri bo‘lsa, o‘zi uzoqda bo‘lsa, tinchlansin. Hech kim qabrlarni buzayotgani yo‘q. Kiraverishdagi darvoza o‘rniga masjid qurishayotgan ekan. Savob uchun masjid qurayotganlarga ham katta rahmat. Yaqinda ushbu qabriston ochilganida xursand bo‘ldik. O‘tgan yaqinlarimizni yana ziyorat qilishimiz mumkin bo‘ldi. Buzishyapti deyishganiga men ham xavotir olib kelgandim”, deydi Jamila Mansurova.
Shundan so‘ng, voqea joyida vaziyatni o‘rganayotgan Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin domla Xoliqnazarov bilan suhbatlashdik. Unga ko‘ra, masjid rostan ham xaroba holatga kelib qolgan. Hududdagi yoshi ulug‘lar iltimosiga ko‘ra, eski masjid o‘rnida barcha sharoitga ega, zamonaviy ko‘rinishda yangi masjid qurilishi rejalashtirilgan.
“Qabrni hurmat qilish, o‘tganlarga ehtirom qilish dinimizning talabi hisoblanadi. Dinga xizmat qilayotganlarning o‘zi bu talabni buzishi aqlga sig‘maydigan ish”, deydi Nuriddin domla Xoliqnazarov. U so‘zida davom etarkan, qurilishda barcha jihatlar inobatga olingani, qabrlarga ziyon yetmaganini qo‘shimcha qiladi.
Haqiqatan ham hududda qurilish ishlari avjida. Aholi zich joylashgan ushbu hududda masjid uchun katta ihtiyoj mavjud. Shu yerda ko‘p yillardan buyon istiqomat qilib kelayotganlarning fikricha, hozir shifoxona va ko‘p qavatli uylar joylashgan yerlar ham avvallari qabriston bo‘lgan. Shuning uchun bu yerlarda istalgan joydan suyak chiqishi ehtimoli mavjud.
Mazkur qabristonda ro‘yxatdan o‘tgan 1020 ta qabr mavjud. Qabristonda 15 yildan buyon faoliyat olib borayotgan go‘rkov bilan ham suhbatlashdik. U 1020 ta qabrning hech biriga zarar yetmaganini aytadi.
Qurilishga mas’ul bo‘lganlar – Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Alimardon Qarshiyev va Mirzo Ulug‘bek tumanidan mas’ullar qurilishlar qabrlarga ziyon keltirmagan holda davom ettirilishini ma’lum qilmoqda.
“Qurilish boshlanishidan avval mahalla faollari yig‘ilgan, diniy idora sayti, ijtimoiy sahifalarda bu haqda xabar berilgan. Keyin loyiha asosida qurilish ishlari boshlangan. Barcha tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan. Masjid yaxshilik va insonlarni o‘ylab qurilmoqda. Bu yerda yashovchi yoshi ulug‘lar ham xursand”, deydi Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Alimardon Qarshiyev.
Xalqimizda bamaslahat to‘y tarqamas degan gap bor. Masjid qurilishiga bosh-qosh bo‘lganlar, mas’ullar qurilish ishlarini boshlashdan avval bu yerda qarindoshlari yotgan kishilardan, keksalar, mahalla-ko‘ydan maslahat olganda, jamoatchilikni bir yerga to‘plab, ularga keng tushuntirish berib ish boshlaganda edi, bugungidek dod-voyga hojat qolmasdi. Bundan boshqalar ham o‘z manfaati yo‘lida foydalanmagan bo‘lardi.
Mazkur qabristonda ro‘yxatdan o‘tgan 1020 ta qabr mavjud. Qabristonda 15 yildan buyon faoliyat olib borayotgan go‘rkov bilan ham suhbatlashdik.
QALAMPIR.UZ voqealar rivojini kuzatishda davom etadi. O‘ylaymizki, tez orada ekspertiza natijalar e’lon qilinadi.
LiveBarchasi