Toshkentda ikki qavatli yo‘l o‘tkazgich quriladi

Jamiyat

image

Toshkent shahridagi Mustaqillik shoh ko‘chasi, Mirzo Ulug‘bek va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasida ikki qavatli yo‘l o‘tkazgich quriladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, ushbu ikki qavatli yo‘l o‘tkazgich “Buyuk ipak yo‘li” metro bekati yaqinida barpo etiladi. Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi bo‘ylab BRT yo‘nalishi ishga tushiriladi va u Mustaqillik va Shahrisabz ko‘chalari orqali Shota Rustaveli ko‘chasidagi yo‘nalish bilan tutashadi. Do‘rmon yo‘li chorrahasida esa tunnel bo‘ladi.

Mazkur loyiha S1 massividan Kichik halqa yo‘ligacha (Temur Malik ko‘chasi) bo‘lgan 8 km masofani bosib o‘tishning o‘rtacha vaqtini qisqartiradi. Xususan, tig‘iz paytlarda 25 foizga, ya’ni 45 daqiqadan 32 daqiqagacha tushadi.

Avtomobillarning o‘tkazuvchanlik qobiliyati kuniga 98,8 mingdan 120 mingtagacha (21 foizga) oshishi mumkin.

Olib borilgan hisob-kitobga ko‘ra, transport vositalarining o‘rtacha harakat tezligi 25 foizga – soatiga 21 kilometrdan 26 kilometrgacha ko‘tariladi. Avtobuslar boshqa transport oqimidan ajratilgan alohida yo‘laklarda harakatlanadi va tezligi esa soatiga 23 kilometrgacha tezlashishi aytilgan.

Hokimlik umumiy uzunligi 16,2 kilometrni tashkil etadigan mazkur loyihaning faol bosqichi 50-60 kun davom etishini bildirgan.

Shuningdek, ko‘chada yangi to‘xtash joylari yaratiladi. Piyodalar yo‘laklari ta’mirlanadi, velosiped yo‘laklari yotqizilib, daraxtlar ekiladi va o‘rindiqlar qo‘yiladi. Ishlar butun ko‘cha bo‘ylab olib boriladi. Ko‘chiriladigan daraxtlar o‘rniga qo‘shimcha 8 000 gektar yashil maydon tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatida shahar ichidagi tirbandlikni bartaraf etish uchun 10 kilometrli aylanma yo‘l qurilishi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent yo'l o'tkazgich ikki qavatli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing