Toshkentda IIB xodimlari ikki fuqaroni kaltaklagani aytilmoqda

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda ichki ishlar organi xodimlari ikki fuqaroni ayovsiz do‘pposlagani haqida xabarlar tarqaldi. Bu haqda “Nemolchi” loyihasi ma’lum qildi.

“7 iyundan 8 iyunga o‘tar kechasi ikki nafar xodim Yo‘ldoshev Aziz va Qahramonov Nurabek meni va bir dugonamni qattiq kaltaklab, burnimni sindirib, ko‘krak va qornimga tepishdi, jinsiy zo‘ravonlik bilan qo‘rqitib, so‘kishdi va haqorat qilishdi. Va mening yigitimni yarim hushsiz holatda kaltaklashdi: uning miyasi chayqalgan, qon quyilgan, ko‘plab qon quyilgan joylar bor”, degan jabrlanuvchi ayol.

Yoshlarning so‘zlariga ko‘ra, xodimlar uy yonida turganda ularning oldiga kelib, hujjatlarni ko‘rsatishni so‘ragan. So‘ng hujjatlarni tekshirgach, baribir IIBga olib bormoqchi bo‘lishgan. Yoshlar asos yo‘qligi sababli bo‘linmaga borishdan bosh tortganiga qaramay, ularni majburan mashinaga o‘tqazib, Mirzo Ulug‘bek tumani IIBga olib ketishgan. Qiz telefonida saqlagan videoni xodimlardan biri o‘chirib tashlagan. Bo‘linmada yoshlar tekshirilib, qonunbuzarlik aniqlanmagani uchun qo‘yib yuborishgan.

Biroq Yo‘ldoshev Aziz va Qahramonov Nurabek ularning telefonlarini olib, qayergadir olib ketish kerakligini aytishgan. Qiz rad etgach, xodimlardan biri uni majburan mashinaga sudrab olib borgan va yuziga musht tushirib, burnini sindirgan. Qizni himoya qila boshlagan yigitni bir necha marta urishgan, qo‘liga kishan solib, mashinaga ham o‘tqazishgan.

Jabrlanuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, yo‘lda qiz ular qayerga ketayotganlarini so‘raganda, organ xodimlari kulib, jinsiy zo‘ravonlik bilan tahdid qilishgan. Yigit qizni himoya qilgach, uni mashina ichida rezina kaltak bilan urishgan. Keyin uni mashinadan chiqarib, kaltaklay boshlashgan. Shu payt qiz qochib ketmoqchi bo‘lgan, biroq xodimlardan biri uni ushlab, ko‘kragiga, oshqozoniga tepgan va mashinaga qamab qo‘ygan.

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatining Nemolchi loyihasiga ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda, xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi belgilangan.

Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

IIB

Baholaganlar

303

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing