Toshkentda giyohvandlik reklamasini tarqatganlar 15 sutkaga qamaldi
3-sahifa
−
06 may 4213 2 daqiqa
Toshkent shahrida olib borilgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor tadbirlarda giyohvandlik vositalarini targ‘ib qiluvchi narko-grafitilarni tarqatgan 2 talaba ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ular poytaxtning Yunusobod tumani hududida elektr tokning tayanch ustunlariga “Rossiyadagi ish. Haftasiga 1000 dollar. Bizga Telegram'dan yoz” ko‘rinishidagi QR kodli yozuvlarni yopishtirib chiqqan. Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida ushbu yozuvlarni Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasasining 2 nafar talabasi yopishtirgani aniqlandi. 2005 va 2006 yilda tug‘ilgan ushbu shaxslar tungi soat 23:30 da flayerlarni yopishtirib yurgan vaqtda qo‘lga olingan.
Yigitlar Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi notanish shaxs bilan muloqotga kirishib, flayer tarqatish orqali har biriga 2000 so‘mdan pul ishlashga kelishgan. Yunusobod tumani hududida ular tomondan yopishtirib chiqilgan 80 dona flayer aniqlanib, yo‘q qilindi.
Ushlangan shaxslarning xatti-harakatlari yuzasidan ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 562- moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) asosida hujjatlar rasmiylashtirildi. Ularning har biri 15 sutkaga qamaldi.
Ma’lumot uchun, yuqoridagi moddaga muvofiq giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish fuqarolarga BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 150 baravardan 200 baravarigacha miqdorida jarima solishga yoki huquqbuzarlik ashyolarni musodara qilib, 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Agar ushbu huquqbuzarlik ma’muriy javobgarlik qo‘llanganidan so‘ng yana takrorlansa, jinoiy javobgarlik belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida giyohvandlik va psixotrop moddalarni tarqatish bilan shug‘ullangan 20 yoshli yigit 7 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr