Toshkentda fuqarolarni Umraga noqonuniy yuborayotgan MCHJ aniqlandi

Jamiyat

image

Toshkent shahrida fuqarolarni Umra safariga noqonuniy yuborish bilan shug‘ullangan mas’uliyati cheklangan jamiyat fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lmasdan, fuqarolarni “Toshkent-Dubay-Jidda” yo‘nalishi orqali Umra ziyoratiga yuborish holati aniqlangan.

Xususan, MCHJ xodimi X.A. Namangan viloyatida yashovchi ikki fuqaroning ishonchiga kirgan holda ularni 6200 AQSH dollari evaziga Umra safariga jo‘natishni va’da qilib, oldindan 3100 dollar olgan vaqtida ushlangan. 

“So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, MCHJ ofisi va xodimlarining avtomashinalari tekshirilganda, jami 116 nafar fuqaroning xorijga chiqish pasportlari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, 66 nafar fuqaroni Umra safariga yuborish maqsadida ulardan jami 162 ming dollar olingani ham ma’lum bo‘ldi”, deyiladi xabarda.

Aniqlanishicha, mazkur MCHJ o‘z mijozlarini Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni Qirolligi o‘rtasidagi davlat chegarasidan o‘tkazishda Markaziy Osiyo respublikalarining soxta fuqarolik pasportlaridan foydalanish mexanizmini yo‘lga qo‘ygan.

Hozirda holat yuzasidan MCHJ mas’ullariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

161

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing