Toshkentda fuqarolar va YPX xodimlari o‘rtasida yuz bergan janjal sababi ma’lum bo‘ldi
3-sahifa
−
01 Oktabr 2021
11429Ijtimoiy tarmoqlar orqali Toshkentda yo‘l-patrul xizmati xodimlari va fuqarolar o‘rtasida janjal yuz bergani aks etgan videolavha tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining axborot berishicha, qidiruvda bo‘lgan hamda YPX xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmagan haydovchi ushlanganda unga hamrohlik qilgan yo‘lovchi-ayollar vaziyatga aralashgan va shu sababli ikki o‘rtada janjal kelib chiqqan.
Qayd etilishicha, voqea kecha, 30 sentyabr kuni poytaxtning Chilonzor tumanida sodir bo‘lgan. Soat 23:00 da YPX xodimlari xizmat davomida (ko‘plab to‘lanmagan jarimalari tufayli) qidiruvda bo‘lgan Nexia-2 avtomobilini ko‘rib qolib, unga jezl va hushtak yordamida to‘xtash haqida ishora bergan. Ammo, 1997 yilda tug‘ilgan qashqadaryolik haydovchi xodimning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, harakatni davom ettirgan.
Holat haqida ma’lumot ratsiya orqali boshqa xodimlarga yetkazilgan. Shu bilan birga, YPX xodimlari Lacetti rusumli xizmat avtomobilida qoidabuzar ortidan yo‘lga chiqqan. Haydovchi YPX inspektorining to‘xtash haqidagi ishorasiga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirgani sababli uni majburan to‘xtatishga qaror qilingan.
Bunyodkor va Qatortol ko‘chalari kesishmasida xodimlarning sa’y-harakatlari bilan Nexia-2 avtomobili majburan to‘xtatilgan. Biroq, IIO xodimi avtomobilidan chiqishini kutgan haydovchi yana harakatni boshlab, mayor R.I.ni urib yuborgan. Shuningdek, u yo‘l harakati qoidalarini buzib, piyoda va boshqa transportlar uchun xavf tug‘dirgan. Yakunda qoidabuzar to‘xtatilgan.
Shundan so‘ng, to‘xtatilgan avtomobilning yo‘lovchilari bo‘lgan bir necha ayollar chiqib, YPX inspektorlari bilan janjal ko‘targan.
Xabarga ko‘ra, 24 yoshli haydovchi va uning yo‘lovchilari – qashqadaryolik 21 yoshli Sh.Ch., 39 yoshli R.M., 44 yoshli B.M. va 45 yoshli B.M. Chilonzor tumani IIO FMBga yetkazilgan. Mazkur holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda, natijalari bo‘yicha qonuniy chora ko‘riladi.
LiveBarchasi