Toshkentda firibgarlikda gumonlangan 3 kishi qo‘lga olindi
3-sahifa
−
16 Sentabr
6171Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bilan bog‘liq firibgarlik jinoyatlarini sodir etganlikda gumonlanayotgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda shahar IIBB xabar berdi.
Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida aniqlanishicha, quyidagi shaxslar bir qator jinoyatlar sodir etganlikda gumon qilinmoqda.
- 1989 yilda tug‘ilgan Sardor Farhodovich Rominov,
- 1990 yilda tug‘ilgan Baxtiyor Habibulla o‘g‘li Yo‘ldashev,
- 1993 yilda tug‘ilgan Timur Rustamovich Husainov.
Bildirilishicha, ushbu shaxslar fuqarolarga foiz evaziga pul berib, qarz olgan shaxsning nomida bo‘lgan turar-joy va boshqa ko‘chmas mulklarini garov evaziga o‘zining nomiga rasmiylashtirib olgan. Ular o‘zlaridan pul olgan fuqarolar belgilangan muddatda qarz va foizlarini bermagan taqdirda uy-joydan oilasi bilan chiqarib yuborish va mulkini tortib olish bilan shug‘ullanib kelgan. Vaholanki, garovga qo‘yilgan mulk miqdori foiz evaziga berilgan pul mablag‘idan 3-4 barobar ko‘p bo‘lgan.
Shuningdek, fuqaro bilan qarz yoki oldi-sotdi shartnomasi tuzilganidan so‘ng kelishilgan summadan kam miqdorda pul berishgan.
“Misol uchun, fuqaro ulardan 100.000 AQSH dollarini foiz evaziga so‘rasa, oldi-sotdi yoki qarz shartnomasi rasmiylashtirib bo‘lganidan so‘ng 65.000-70.000 AQSH dollari atrofida pullarni berib, qolgan pullarni maklerlik xizmati, boshqa xarajatlar uchun olib qolgani haqida aytadi, keyinchalik foiz to‘lovlarni kamaytirib berishi hamda to‘lovlar kechiksa bezovta qilmasligi haqida aytib aldagan”, deyiladi xabarda.
Tergov jarayonida Rominov, Yo‘ldashev va Husainovlar jinoyat sodir etganlikda gumonlanib ushlangan. Ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
“Hurmatli fuqarolar agar Siz ushbu shaxslardan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki ushbu shaxslarning jinoiy xatti-harakatlari bo‘yicha biror ma’lumotga ega bo‘lsangiz Toshkent shahar IIBBning 71-206-40-97 yoki 102 raqamlariga yoxud 90-976-28-21 Telegram raqamiga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida 1977 yilda tug‘ilgan Obid Aripovich Sharipov “MAX-HOUSE-GROUP” MCHJni tashkil qilib, o‘zining sheriklari 1982 yilda tug‘ilgan Axtam Axmadovich Osimov va 1989 yilda tug‘ilgan Azizbek Alijonovich Samandarovlar bilan birga bir nechta fuqarolarga nisbatan firibgarlik sodir etgani aniqlangandi. Sharipov qo‘lga olingan, Osimov va Samandarov qidiruvga berilgandi.
LiveBarchasi