Toshkentda energetikadagi o‘g‘irliklar Prezident boshchiligida muhokama qilindi

Jamiyat

image

Hanuzgacha O‘zbekiston eneregetika tizimida o‘g‘irlik juda katta. Resurslar xo‘jasizlarcha talon-toroj qilinyapti. Birgina dekabr oyida elektr va gazdan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 12 mingdan ziyod holatda 600 milliard so‘mlik zarar aniqlangan. Bu haqda bugun, 6 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida huzurida energiya ta’minoti sohasida nazorat tizimini tartibga solish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z borgan. 

Unda energiya yetkazib berish va hisob-kitob tizimidagi muammolar tanqidiy tahlil qilingan. 

“Yanvar oyidagi sovuq bu borada boshqaruv va nazorat susayib ketganini yaqqol ko‘rsatdi. Mutasaddi tashkilotlar avtomatik hisoblash tizimi elektr energiyasida 92 foiz, tabiiy gaz bo‘yicha 98 foiz o‘rnatilgan, deb hisobot bergan. Lekin haligacha debitor qarzdorlik yuqoriligicha qolmoqda.

Tumanlardagi tarmoq idoralari elektr va gazga ulanishga hisob-kitob va tahlillarsiz ruxsat berayapti. Masalan, Toshkent shahrining 120 ta mahallasida transformatorlar yuklamani ko‘tarmagani uchun bir oyning o‘zida 5-6 martalab ta’mirlangan”, deb yozmoqda Prezident Matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari ustidan nazorat butunlay izdan chiqqan.

Shulardan kelib chiqib, yig‘ilishda energetika sohasida nazoratni kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim belgilangan. Bu tizimga energetika nazorati bo‘yicha ikki yil “favqulodda tartibda” ishlash vazifasi qo‘yilgan. Energoinspeksiya va Majburiy ijro byurosining ishini takomillashtirish, elektr va tabiiy gazga ulanishda yangicha yondashuvlarni joriy qilish yuzasidan topshiriqlar berilgan.

Yig‘ilishda energetika infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratilgan. Xususan, Toshkent shahrining raqamli xaritasini ishga tushirish vazifasi qo‘yilgan. Bunda auksionga chiqarilayotgan yerlarning joylashuvi, energetika, kommunal va ijtimoiy infratuzilma quvvati aniq ko‘rinib turadi.

Yig‘ilishda mutasaddilar yangi tizimni amalga oshirish masalalari yuzasidan axborot bergan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 sentyabr kuni Prezident huzurida energiya resurslari ta’minoti yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilib, unda Toshkent shahar hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Jahongir Ortiqxo‘jayev shahardagi qator muammolar, xususan gaz va elektr energiyasidagi uzilishlar sabab ishdan olingan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing