Umurzoqov Toshkentning eng yomon hokimimi?
Intervyu
−
00:00 7796 3 daqiqa
So‘nggi paytlarda Toshkentdagi avtobus bekatlarida tadbirkorlar tomonidan yuritilayotgan do‘konlarning buzilishi jamoatchilik e’tiborini tortmoqda. 12 mart kuni Toshkent shahar hokimligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ushbu masala bo‘yicha izoh berildi. Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, bekatlar hududidagi ayrim savdo ob’ektlari hukumatning yangi qarorlari asosida olib tashlanmoqda.
“Qaysi joy buzilgan bo‘lsa, sud qarori bilan buzilgan. To‘ppa-to‘g‘ri, tadbirkor kuyib qolishi kerak emas. Hozirda tuman hokimiyatlariga topshiriq berilgan: har bir tumanda turizm ko‘chalari tashkil qilinyapti. O‘sha do‘konli bekatlarning egalariga turizm ko‘chalaridan joy berishadi”, deydi YHTM bo‘lim boshlig‘i Olloyor Norbo‘tayev.
Biroq, masalaning huquqiy jihatlariga nazar tashlanganda, ayrim savollar paydo bo‘ladi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 14 noyabrdagi 757-sonli “Hududlarda jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida yangi qurilayotgan yoki rekonstruksiya qilinayotgan bekatlar hududida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini joylashtirish taqiqlanishi belgilangan. Shu bilan birga, mazkur qarorning boshqa bandlarida bekatlar joylashgan hududlardagi yer uchastkalarini tadbirkorlik sub’ektlariga elektron onlayn auksion orqali uzoq muddatli ijara asosida berish mumkinligi ham qayd etilgan. Bu jarayonda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 avgustdagi 485-sonli qarori asos qilib olingani ko‘rsatiladi.
Shuningdek, qarorda tegishli idoralarga savdo yoki xizmat ko‘rsatish ob’ektlari mavjud bo‘lgan bekatlarda yo‘lovchilar, jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun xavfsiz va qulay sharoit yaratish choralarini ko‘rish vazifasi ham yuklatilgan. Bu esa ayrim mutaxassislar fikricha, bekatlardagi savdo nuqtalarini ommaviy ravishda buzish emas, balki ularni zamonaviy talablarga moslashtirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqish kerakligini anglatadi.
Yana bir muhim hujjat – 2018 yil 6 martdagi Prezident qarorida avtomobil transporti sohasini modernizatsiya qilish, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish vazifalari belgilangan.
Oradan qariyb sakkiz yil o‘tgan bo‘lsa-da, poytaxtdagi ko‘plab bekatlarda avtobuslarning kelish vaqtini ko‘rsatadigan elektron tablolar, bepul Wi-Fi yoki videokuzatuv tizimlari hali ham keng joriy etilgani yo‘q.
Ayni paytda bekatlar atrofida faoliyat yuritayotgan ko‘plab kichik savdo nuqtalari tadbirkorlar uchun daromad manbai hisoblanadi. Ular o‘z biznesi orqali nafaqat oilasini boqayotgani, balki yo‘lovchilarga ham ma’lum darajada xizmat ko‘rsatayotganini ta’kidlamoqda.
Shu bois jamoatchilik orasida bir savol paydo bo‘lmoqda: agar maqsad bekatlarni zamonaviylashtirish bo‘lsa, nega jarayon eng avvalo savdo nuqtalarini buzishdan boshlanmoqda? Axir poytaxtdagi ko‘plab bekatlar hanuz eski ko‘rinishda qolyapti – yozda jazirama issiqdan, qishda esa sovuqdan yetarli darajada himoya qila olmaydigan oddiy pavilonlar holatida.
Bugungi kunda bu masala ijtimoiy tarmoqlarda ham faol muhokama qilinyapti. Ayrimlar bekatlarda savdo ob’ektlari bo‘lmasligi kerakligini aytsa, boshqalar kichik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va mavjud infratuzilmani zamonaviylashtirish zarurligini ta’kidlamoqda. Mazkur masala bo‘yicha yakuniy xulosa chiqarish uchun esa, ehtimol, barcha tomonlarning manfaatlarini hisobga olgan holda aniq va izchil yondashuv zarur bo‘lsa kerak.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.
Live
Barchasi