Toshkentda dolzarb 30 kunlik tadbirlarga start berildi
Jamiyat
−
03 mart 5111 2 daqiqa
Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan poytaxt hududidagi 32 ta qizil mahallalarda jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikni barvaqt oldini olishga qaratilgan dolzarb 30 kunlikka start berildi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbarining joriy yil 27 yanvarda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshirig‘i asosida poytaxt hududidagi 32 ta qizil mahallalarda jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikni barvaqt oldini olishga qaratilgan dolzarb 30 kunlik tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Mazkur mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish uchun jami 2772 ta video kuzatuv kameralarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Mahallalarning aholi gavjum joylari va ko‘chalari, asosiy kirish-chiqish joylariga 1074 ta hamda 577 ta ko‘p qavatli uylarning 1698 kirish yo‘laklariga video kuzatuv kameralarni o‘rnatish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi xavfsiz shahar tizimlarini rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda ishlar rejalashtirilgan.
Qo‘riqlovga olish yo‘nalishida mavjud qizil toifadagi 32 ta mahallalarni raqamlashtirish va jinoyatdan holi qilish maqsadida tadbir boshidan 38 970 ta ob’ektlar qo‘riqlovga olinishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 1389 ta savdo-maishiy ko‘rsatish ob’ektlari texnik qo‘riqlovga olinishi reja qilingan.
Shahar bo‘ylab 590 ta ko‘p qavatli uy oldi yo‘laklariga jami 1140 ta “tashvish” tugmalarini o‘rnatish vazifasi qo‘yilgan. 28 575 ta xonadon mobil ilova orqali qo‘riqlovga olinishi rejalashtirilgan.
8694 ta yerli xonadon texnik qo‘riqlovga olinishi ko‘zda tutilgan. Fuqarolar bilan ishlash yo‘nalishida 16 yoshdan oshgan 105 918 nafar aholi “Mening inspektorim” mobil ilovasiga a’zo qilinishi reja qilingan.
Maktablarda xavfsizlikni ta’minlash yo‘nalishida 12 ta maktab atrofida jami 131 ta kameralar o‘rnatish rejalashtirilgan. 8 ta maktabdagi 83 ta sinfxonalarga intellektual kameralar bosqichma-bosqich o‘rnatish rejalashtirilgan.
4 ta yirik savdo komplekslariga shartnoma asosida 27 nafar munitsipal xodim olish ko‘zda tutilgan. Poytaxtdagi 19 ta bozorlarda “Situatsion markaz” qurilib, internet tizimiga ulashga start berilgan.
Mazkur oylikning ikkinchi bosqichida yana 50 ta mahalla to‘liq raqamlashtirilib, jinoyat va huquqbuzarlikdan holi hududga aylantirilishi reja qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida yo‘l harakati holatini yaxshilashga qaratilgan “Dolzarb 90 kunlik” e’lon qilingandi.