Toshkentda Damas haydovchisi o‘quvchini urib, qochib ketdi (video)

3-sahifa

image

Toshkentda Damas avtomobili haydovchisi maktab o‘quvchisini urib yuborib, voqea joyidan qochib ketdi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati boshlig‘i Qahramon Xudoyberganov ma’lum qildi.

Yo‘l-transport hodisasi 20 aprel kuni Olmazor tumanidagi Keles yo‘li ko‘chasida sodir bo‘lgan. Kadrda ikki bola piyodalar o‘tish joyi yaqinidan yo‘lni kesib o‘tayotgani, shu paytda ulardan biri avtomobil tagiga kirib ketgani ko‘rinadi.

Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan haydovchining shaxsi aniqlangan. U 19 yoshli yigit ekani ma’lum bo‘lgan. Uning aytishicha, u bolalarni payqagach signal chalgan, ulardan biri to‘xtagan, biroq orqadagi bola chalg‘ib qolgan va yo‘lga yugurib chiqqan.

U bolani urib yubormaslikka harakat qilgani, biroq buni uddalay olmaganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, urib yuborgandan so‘ng u sarosimaga tushib, shok holatida harakatni davom ettirgan. Keyinroq to‘xtab o‘ziga kelgan va qaytishga qaror qilgan, biroq bu vaqtda jabrlanuvchini tez yordam mashinasi olib ketgan.

Shundan so‘ng haydovchi huquq-tartibot organlariga murojaat qilib, voqea haqida xabar bergan.

Hozirda ushbu baxtsiz hodisa bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 133-moddasi (transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi) va 137-moddasi (yo‘l-transport hodisasi yuz bergan joydan ketib qolish) bo‘yicha bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Matbuot xizmatining ta’kidlashicha, agar piyodaning jarohatlari yengil bo‘lsa, ish ma’muriy tartibda ko‘rib chiqiladi. Agar jarohat jiddiy bo‘lsa, jinoiy ish qo‘zg‘atiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro shahrida mast holda avtomobil boshqargan haydovchi YHT sodir qilib, 5 yoshli bolani urib ketgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent o'quvchi Damas

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing