Toshkentda burqa kiygan yigit jazolandi
3-sahifa
−
20 iyun
16943Avvalroq, Toshkent shahrining Chorsu bozorida ayollar kiyimini kiyib olgan erkak ushlanganligi haqida xabar bergan edik. QALAMPIR.UZ manbasining ma’lum qilishicha, ushbu erkak 2002 yilda Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida tug‘ilgan P.B. ismli yigit bo‘lgan.
Yigit joriy yilning 19 iyun kuni poytaxtning Shayxontohur tumanidagi “Chorsu” bozori oldida shaxsni identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sib, yo‘lda ketayotganda IIO xodimlarining o‘z vazifalarini bajarish bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarishdan bosh tortib, ularning xizmat faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatgan. Baqir-chaqir qilib ommani o‘ziga qaratganligi aniqlangan.
Bugun, 20 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida yigit yuqoridagi holatlarni, jumladan yoshligidan ayollar kiyimiga qiziqqanligi sababli bozor atrofida burqa nomli ayollar kiyimini kiyib, yuzini to‘sib olgancha harakatlanganligini tasdiqlab, ko‘rsatma bergan.
Sud 22 yoshli P.B. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi 1-qismi (O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining qonuniy talablarini bajarmaslik)da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybsiz deb topdi. Biroq u ushbu kodeksning 184-4-moddasi (Jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan ko‘rinishda bo‘lish) hamda 195-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish)da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topildi.
Unga BHMning 10 baravari (3 mln 400 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi va 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.