Toshkentda bir kunda 22 ta YTHda 4 kishi og‘ir jarohatlandi
Jamiyat
−
13:40 382 2 daqiqa
Kecha, 4 sentyabr kuni Toshkent shahrida 22 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi va oqibatda 4 nafar fuqaro og‘ir tan jarohati oldi. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 4 sentyabr kuni poytaxt yo‘llarida sutka davomida jami 1 mln 502 ming 57 ta transport vositasi harakatlangan. Bu 3 sentyabrdagi 1 mln 487 ming 250 ta ko‘rsatkichga nisbatan 14 ming 807 taga (+1 foiz) ko‘p.
Shuningdek, kun davomida 170 ta yo‘nalishda 1 670 ta avtobus harakatlanib, ular orqali 1 mln 228 158 nafar yo‘lovchi tashilgan. Toshkent metropoliteni orqali esa ish kuni davomida 862 ming 053 nafar yo‘lovchi manziliga yetkazilgan.
Vaziyatlar markazi monitoringi davomida kunning tig‘iz vaqtida:
- 6 ta chorrahada tirbandlik darajasi 7 ballga yetgan;
- 1 ta chorrahada esa tirbandlik darajasi 7 balldan oshgan.
Tirbandlik kuzatilgan nuqtalarda transport oqimini barqarorlashtirish maqsadida svetoforlarning ish rejimi muvofiqlashtirilib, zarur yo‘nalishlarda yashil signal vaqti uzaytirilgan. Shuningdek, harakatni tartibga solish uchun zarur chorrahalarga YPX xodimlari jalb qilingan.
Kun davomida yo‘l harakati qoidalari buzilishi bo‘yicha 4 751 ta holat qayd etilgan. Shuningdek, 22 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, ular oqibatida 4 nafar fuqaro og‘ir tan jarohati olgan.
Bildirilishicha, vaziyatlar markazida poytaxt yo‘llaridagi transport oqimi va tirbandlik holati real vaqt rejimida kuzatilib, harakat intensivligidan kelib chiqib svetoforlarning ish rejimiga tezkor o‘zgartirishlar kiritib borilmoqda. Mazkur choralar yuqori transport yuklamasi kuzatiladigan uchastkalarda harakat barqarorligini ta’minlash, tirbandliklarning ortib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda yo‘l harakati ishtirokchilari uchun xavfsiz va qulay sharoit yaratishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida Lacetti katta tezlikda Isuzu rusumli avtobus bilan to‘qnashgandi. Hodisa oqibatida Lacetti rusumli avtomobil haydovchisiga hamda avtobusda bo‘lgan 2 nafar yo‘lovchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida shifoxonaga olib ketilgan.
Live
Barchasi