Toshkentda bemorga shilqimlik qilgan shifokor qamaldi
3-sahifa
−
23 iyul 2025 10927 1 daqiqa
Toshkent shahrida 44 yoshli shifokor bemor ayolni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bahonasida uning tanasiga teginib, shahvoniy shilqimlik qilgani uchun 5 sutkaga qamaldi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Unga ko‘ra, 17 iyul kuni soat 19:00 larda shifokor ish joyida – Sergeli tumanida joylashgan RSHTYOIM Toshkent viloyat filialida davolanayotgan bemor ayolning xonasiga kirib, unga ko‘rikdan o‘tkazish bahonasida tegajog‘lik qilgan. Bemorning ko‘rsatmasiga ko‘ra, shifokor avval deraza va eshiklarni yopgan, keyin esa uning tana qismiga bir necha bor tegingan.
Shifokor sudda o‘z aybini tan olib, qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirgan va bemor hamda uning oila a’zolaridan uzr so‘ragan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, shifokor bu harakatni mast holatda amalga oshirgan, bu esa javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholangan.
Sud shifokorni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismi bo‘yicha aybli deb topib, unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan.
Shuningdek, sud qaroriga asosan shifokordan ma’muriy qamoqni o‘tash bilan bog‘liq xarajatlar undirilishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskva-Toshkent yo‘nalishidagi aviareysda mast holatda ayol yo‘lovchiga nisbatan shahvoniy xatti-harakatlar sodir qilgan fuqaro 3 sutkaga qamalgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi