Toshkentda Belgiya elchixonasi ochiladi 

Jamiyat

image

O‘zbekistonda Belgiyaning doimiy diplomatik vakolatxonasi faoliyat boshlaydi. Bu haqda “Eureporter xabar berdi.  

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashgan. Savdo, investitsiyalar, logistika, sanoat, ta’lim va turizm sohalarida qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, parlamentlararo muloqot va hukumat darajasidagi uchrashuvlar ham muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Mutaxassislar fikricha, Belgiyaning Toshkentda elchixona ochishi O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi siyosiy va iqtisodiy ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi. Yangi diplomatik vakolatxona ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqotni kuchaytirish, savdo aylanmasini oshirish va yangi investitsiya loyihalarini jalb etishga xizmat qilishi kutilmoqda. 

Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Belgiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi bir necha barobar o‘sgan. Mamlakatda Belgiya kapitali ishtirokidagi qator korxonalar faoliyat yuritmoqda, jumladan, to‘qimachilik, logistika va sanoat sohalaridagi yirik kompaniyalar o‘zaro hamkorlikni kengaytirgan.

Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, Belgiya elchixonasining Toshkentda ochilishi nafaqat ikki davlat munosabatlarini mustahkamlaydi, balki Yevropa davlatlarining Markaziy Osiyoga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini yana bir belgisi hamdir.

Ma’lumot o‘rnida, Belgiya O‘zbekiston mustaqilligini 1991 yilda tan olgan va rasmiy diplomatik aloqalar 1992 yilda o‘rnatilgan. O‘zbekiston 1995 yildan buyon Bryusselda o‘z elchixonasi orqali Belgiya hamda Yevropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Shu vaqtgacha Belgiyaning O‘zbekiston bilan munosabatlari asosan Ostonadagi elchixonasi orqali muvofiqlashtirib kelingan.

Ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 2020 yildagi 70 million dollardan 2024 yilda 212,7 million dollarga oshgan. O‘zbekiston asosan sanoat mahsulotlari, oziq-ovqat va kimyo mahsulotlari eksport qiladi. Belgiyadan esa mashinalar, sanoat uskunalari, farmatsevtika va texnologik qismlar import qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent elchixona Bel'giya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing