Toshkentda avtobuslar uchun 18 km alohida yo‘lak tashkil etiladi
Jamiyat
−
18:38 283 2 daqiqa
Toshkent shahridagi to‘rtta ko‘chaning jami 17,9 kilometr qismida avtobuslar uchun alohida yo‘laklar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu loyiha uchun dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 6,5 milliard so‘m sarflanishi kutilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
Mutaxassislar jamoat transporti yo‘nalishlari o‘tadigan, umumiy uzunligi 150 kilometrdan ortiq bo‘lgan yo‘l qismlarini o‘rgangan. Tahlil natijalariga ko‘ra, quyidagi to‘rtta ko‘chada ish boshlash tavsiya etilgan:
- Muqimiy ko‘chasi – Yashnobod va Chilonzor tumanlari hududidagi 4,6 kilometr;
- Qoratosh va Ko‘kcha Darvoza ko‘chalari – Shayxontohur tumanidagi 4,2 kilometr;
- Parkent ko‘chasi – Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 2,8 kilometr;
- Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasi – Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 6,3 kilometr.
Ushbu hududlarda markaziy ko‘chalarni ta’mirlash va avtobuslar uchun alohida yo‘laklar tashkil etish rejalashtirilgan.
Bildirilishicha, Toshkent shahri hokimining tegishli qarori imzolangan. Hozirda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun byudjet shakllantirilmoqda.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ishlar uchun taxminan 6,5 milliard so‘m kerak bo‘ladi. Xarajatlarni Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplash rejalashtirilgan.
Loyihalarning buyurtmachisi sifatida “Toshkent investitsiya kompaniyasi” AJ faoliyat yuritishi kutilmoqda. Loyihalash tashkilotlari, pudratchilar va texnik nazorat xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar tanlov asosida aniqlanadi.
Qurilish boshlanishidan oldin muhandislik kommunikatsiyalari va kommunal infratuzilma tarmoqlari tekshiriladi. Nosozliklar aniqlansa, ular ta’mirlanadi, ko‘chiriladi yoki almashtiriladi.
Shuningdek, ishlar davomida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandliklarning oldini olish choralari ko‘riladi.
Loyiha doirasida piyodalar uchun qulay yo‘nalishlar, yo‘l ko‘rsatkichlari, bekatlar va yoritish tizimini yaxshilash ham ko‘zda tutilgan. Yo‘l qoplamasida polimer bilan modifikatsiyalangan bitum va mustahkam chaqiqtoshdan tayyorlangan shag‘al-mastikali asfalt va beton qorishmasidan foydalanish rejalashtirilgan.
Hokimlik loyiha va undagi ishlarning bosqichlari haqida aholini xabardor qilib borishini bildirgan.
Live
BarchasiJizzaxda 10 yoshli qiz zo‘rlandi
06 Oktyabr