Toshkentda asfalt yetib bormagan joylarda sement-beton yo‘llar quriladi
Jamiyat
−
07 aprel 2022
5956Toshkentda 250 kilometr sement-beton qoplamali yo‘llar quriladi. Bu ishlar uchun shahar mahallalarini obod qilishga ajratilgan 1 trillion so‘mga yana 200 milliard so‘m yo‘naltiradi. Bu haqda bugun, 7 aprel kuni bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, 2022 yilda tuman markazlari va shaharlarda 670 kilometr piyoda hamda velosiped yo‘laklari barpo etish reja qilingan. Ular ham sement-betondan bo‘ladi.
Prezidentga ko‘ra, mart oyida 25 kun davom etgan yog‘ingarchilik drenaj tizimidagi kamchiliklarni ko‘rsatgan, shu bois ushbu yo‘laklarni loyihalashda lotoklar qurishga ham alohida e’tibor qaratish zarur.
Ma’lum qilinishicha, yo‘l klasterlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 1 maydan boshlab yil yakuniga qadar import qilinayotgan sement-beton qoplamali yo‘l qurish texnikalari bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinishi belgilangan.
Mazkur ishlarga qo‘shimcha 500 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Joriy yilda xalqaro moliya tashkilotlaridan 80 million, kelgusi yilda bu ishlarni kengaytirish uchun 200 million dollar mablag‘ jalb qilish choralari ko‘riladi.
LiveBarchasi