Toshkentda andijonlik taksichining jasadi topildi. U qotillik qurboni bo‘lgan

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijonlik taksichi Toshkent viloyatida o‘ldirib ketilgani haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura Matbuot kotibi izoh berdi.  

Aniqlanishicha, joriy yilning 8 yanvar kuni Andijon viloyati, Shahrixon tumanida yashovchi fuqaro O.Latipova tuman Ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilgan. U murojaatida joriy yilning 7 yanvar kuni uydan chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan 1991 yilda tug‘ilgan farzandi M.Otaxonovni topishda amaliy yordam so‘ragan.

Xabarga ko‘ra, M.Otaxonov Cobalt rusumli mashinasida “Andijon-Toshkent” yo‘nalishida qatnab, aholiga pullik transport xizmati ko‘rsatib kelgan.

Qayd etilishicha, M.Otaxonov 7 yanvar kuni soat 17:55 lar atrofida Shahrixon tumanidagi avtoturargohdan bir fuqarodan 11 650 AQSH dollarini Toshkent shahridagi tanishiga olib borib berish uchun olgan hamda notanish bo‘lgan 3 nafar yo‘lovchilar birga o‘z avtomashinasida Toshkent shahri yo‘nalishida ketib, bedarak yo‘qolgan.

Bosh prokuratura bergan ma’lumotga ko‘ra, M.Otaxonovni qotillik qurboni bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, Shahrixon tuman prokuraturasi tomonidan joriy yilning 9 yanvar kuni Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va malakali tergov-tezkor xodimlardan iborat tarkibda tuzilgan tergov guruhi tomonidan tergov harakatlari olib borilgan. 

Tezkor qidiruv tadbirlari natijasida M.Otaxonovning murdasi 9 yanvar kuni Toshkent shahar, Yashnobod tumanidagi avtoturargohda Sobalt rusumli avtotransport vositasining yukxonasidan qotillik alomatlari bilan topilgan.

Jinoyatni fosh etishga qaratilgan tezkor tadbirlar natijasida 3 nafar gumonlanuvchi Qo‘qon shahar hududidan ushlangan va tergovga jalb qilingan.

“Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1062

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing