Toshkentda Afrikadan pochta orqali yuborilgan kokainni olayotgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
16 iyul 2559 2 daqiqa
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Afrikadan kurerlik jo‘natmasi orqali yuborilgan 728 gramm kokain hamda Bo‘stonliq tumanida parvarishlanayotgan 17,6 ming tup ko‘knori va 9 tup kannabis o‘simligi aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tezkor tadbir davomida Serra-Leone davlatidan yuborilgan kurerlik jo‘natmasini Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi xususiy kurerlik pochtasidan qabul qilib olayotgan Yashnobod tumanida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs ushlangan.
Tekshiruv davomida avtoehtiyot qismlari ichiga 728 gramm kokain yashirilgani aniqlanib, modda tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, gumonlanuvchining yashash xonadonidan zip paketlarga qadoqlangan kukunsimon moddalar hamda tarkibida narkotik moddalar bo‘lgan shirinliklar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ham 1971 yilda tug‘ilgan fuqaro taqiqlangan ko‘knori o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotgani aniqlangan.
Gilavasoy qishlog‘idagi tog‘ yonbag‘irlarida joylashgan yer maydoni ko‘zdan kechirilganda, jami 17 ming 600 tup ko‘knori va 9 tup kannabis o‘simligi borligi ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, ushbu shaxsning yashash xonadonidan quritilgan ko‘knori boshoqlari hamda quritilib, maydalangan holda saqlanayotgan ko‘knori ham topilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 270-moddasi 2-qismi “v” bandi (taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) hamda 25- (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 273-moddasi 6-qismi “a” bandi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondan O‘zbekiston hududiga olib kirilgan 25 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalari to‘xtatib qolingan edi.
Live
Barchasi