O‘zbekistonda 101 yoshli otaxon koronavirusdan sog‘aydi

Jamiyat

image

Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida 101 yoshli otaxon koronavirusdan sog‘aydi. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, shu yilning 20 aprel kuni Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 1920 yilda tug‘ilgan oqqo‘rg‘onlik urush va mehnat faxriysi, fuqaro F.N. og‘ir ahvolda olib kelingan. Yaqinlari bilan o‘tkazilgan suhbatdan shu narsa ayon bo‘ldiki, bemorda so‘ngi 4 kun davomida kasallik belgilari – yo‘tal, tana, ayniqsa oyoq-qo‘llarning qaqshab og‘rishi, tana haroratini febril darajagacha oshishi, charchoq, holsizlik, nafas olishning qiyinlashuvi, hansirash, yurak urishining tezlashishi, ishtahasizlik belgilari kuzatilib, so‘ngi ikki kunda bu belgilar yanada kuchayib borgan. Bemorda o‘tkazilgan PZR testi natijalari musbat chiqqan, rentgen tekshiruvlarida o‘pkaning surunkali obstruktiv bronxoektatik kasalligi, pnevmoskleroz hamda o‘ng tomonlama zotiljam aniqlangan.

Uyda bemorning ahvoli og‘irlashib borgani sababli Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan. Qabul bo‘limida bemor MSKT tekshiruvidan o‘tkazilganda, o‘pka to‘qimasining zararlanishi bilan “ikki tomonlama virus etiologiyali interstitsial zotiljam” tashxisi qo‘yilib, bemordan COVID-19 infeksiyasiga ekspress-test olingan. Test natijasi unda koronavirus infeksiyasi bilan zararlanish borligini tasdiqlagan. Shundan so‘ng bemorga zudlik bilan davo choralarini ko‘rish maqsadida bo‘limga yotqizilgan.

Bo‘limda bemorning yoshi ulug‘ligi inobatga olinib, tezda birinchi yordam ko‘rsatilgan hamda belgilangan xalqaro standartlar bo‘yicha tekshiruv va davo muolajalari boshlab yuborilgan. Bemorning ahvoli og‘ir bo‘lishiga qaramay, bilimli, yuqori malakali hamda o‘z kasbining fidoyilari bo‘lgan shifokorlarimizning sa’y-harakatlari,  o‘z vaqtida va to‘g‘ri o‘tkazilgan tekshiruv va davo muolajalari asta-sekin o‘z natijasini ko‘rsatib, otaxonning ahvoli kundan kunga yaxshilanib bordi. Davo muolajalarini mustahkamlash maqsadida bir qator tor soha mutaxassislari – infeksionist, pulmonolog, kardiolog, nevrologlar ham jalb qilingan.

“1940 yil o‘z askarlik burchimni ado etish uchun harbiy xizmatga chaqirilib, 1945 yil Ikkinchi jahon urushidan g‘alaba bilan qaytgandim. Urushdan so‘ng ko‘p qiyinchiliklarni boshimdan o‘tkazdim. Shukrki, Yaratgan mana shunday go‘zal kunlarga yetkazdi. Ilohim, bugungi farovon hayotimizga, yurtimizdagi tinchlikka hech qachon ko‘z tegmasin. Meni mehr va e’tibor bilan davolab, oyoqqa turgizgan shifokor va hamshiralardan mingdan-ming minnatdorman. Baraka topishsin!” deydi otaxon.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda 99 yoshli onaxon koronavirusdan sog‘ayib chiqqandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

24

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing