Toshkentda 7 yashar bolasi bilan ko‘chada qolgan ayolning taqdiri nima bo‘ldi? Senat axborot berdi
Jamiyat
−
07 avgust 2021
4840Avvalroq, Toshkentda 7 yoshli bolasi bilan ko‘chada qolgan namanganlik ayolning holati Oliy Majlis Senati tomonidan nazoratga olingani haqida xabar bergan edik. Ushbu holat Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasida o‘rganib chiqilib, quyidagilar aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, videoda 7 yoshli farzandi bilan ko‘chada qolgani aytilgan Sh. Zayliddinova 1983 yilda Namangan viloyatining Chust tumanida tug‘ilgan. U 2007 yilda Chust tumani “Olmos” MFYga kelin bo‘lib tushgan va o‘rtada farzand bo‘lmaganligi tufayli birinchi turmushidan ajrashgan. Ayol 2009 yil Toshkent viloyati, Chirchiq shahriga ishlash maqsadida kelganida o‘zi bilan issiqxonada birga ishlagan 1981 yilda tug‘ilgan A.Aliyevga sha’riy nikoh bilan turmushga chiqqan. Ular 2014 yilda qiz farzandli bo‘lishgan.
Shundan so‘ng, Sh. Zayliddinova 2018 yil o‘zaro oilaviy kelishmovchilik sabab ota-onasining uyiga, Namangan viloyatiga qaytib kelgan. Ruhiyatidagi o‘zgarishlar sabab 2018 yilning aprel oyida To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolangan. Shifoxonadan chiqqandan keyin, 1 hafta ota-onasi bilan birga yashab, ularning qarshiligiga qaramay qizi bilan birga turmush o‘rtog‘i A. Aliyev oldiga ketgan. 2020 yilda oilaviy nizolar sabab farzandi bilan uydan chiqib ketgan.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan ma’lumotlardan so‘ng ayol farzandi bilan Toshkent shahar, Yunusobod tumani mahalla faollari va ichik ishlar organlari xodimlari tomonidan topilib, tumandagi “Otchopar-1” mahallasida mavjud oilaviy yotoqxonaga vaqtincha joylab qo‘yilgan. So‘ng ayol shaxsiga aniqlik kiritilib, oila a’zolariga xabar berilgan, natijada Sh.Z.ning singlisi N.N. va hamda ukasi E.Z. 2021 yilning 2 avgust kuni opasi Sh.Z. ni 7 yoshli farzandi bilan sog‘-salomat Namangan viloyati Chust tumaniga olib ketgan.
Ta’kidlanishicha, hozirda ayol ota-onasi bilan birga yashab kelmoqda. Bugungi kunda uning bandligini ta’minlash maqsadida “Baymoqli” MFY tomonidan mahallada yashovchi tikuvchi X.T. ga ustoz-shogird an’anasi bo‘yicha biriktirildi. Shuningdek, ayolning farzandi Namangan viloyati Chust tumanidagi 14-umumta’lim maktabining 1-sinfiga o‘qishga qabul qilinishi uchun ro‘yxatga qo‘yildi.
LiveBarchasi