Toshkentda 500 gektardan ortiq maydondagi uylar renovatsiya dasturiga kiritilgan
Jamiyat
−
28 fevral
10817O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida 500 gektar maydondagi turarjoy binolari renovatsiya dasturiga tushgan. Bu haqda poytaxt hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Qayd etilishi joizki, kecha, 27 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalari hamda infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha hujjatlar loyihalari bilan tanishgan. Taqdimot chog‘ida davlat-xususiy sheriklik shartlarida loyihalarni amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibi, poytaxtda renovatsiya loyihalarini amalga oshirish hamda “hayotiy davr shartnomasi” asosida hamkorlik qilish tartiblari tasdiqlangani ma’lum bo‘lgan.
Shavkat Umurzoqovning aytishicha, davlat rahbari renovatsiya mexanizmi qanday bo‘lishi kerakligi haqida tushuntirib, tasdiqlab bergan.
“Ko‘p yil oldin qurilgan ikki qavatli binolar, Sergelidagi vaqtincha qurilib ketgan uylar — hammasi talabga javob bermaydi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan ularda risk katta. Davlat biznesga sharoit yaratib bergani uchun xususiy sektor kelgusida ularni bemalol ko‘chiradi, chiroyli qurilish ob’ektlarini barpo etadi. Bizda taxminan 500 gektardan oshiq hudud renovatsiyaga tushgan. Lekin bizda aniq mexanizm yo‘q edi, hozir bu yechildi. Bu — xususiy sektorning ishlashiga juda katta imkoniyat”, deydi Shavkat Umurzoqov.
LiveBarchasi