Toshkentda 300 million so‘mlik noqonuniy tamaki mahsulotlari yo‘q qilindi

Biznes

Noqonuniy tamaki mahsulotlari va ularning ichki bozorga kirib kelishi fuqarolar salomatligiga nihoyatda jiddiy xavf soladi. Shu boisdan ham jamiyatda ushbu holatlarning keng quloch yoyishiga qarshi kurash masalasi nihoyatda dolzarbdir.

23 noyabr kuni poytaxt Toshkentning Yangihayot tumanidagi metallurgiya zavodida Davlat bojxona qo‘mitasi tashabbusi bilan noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan tamaki mahsulotlarini keng jamoatchilik ishtirokida yo‘q qilish bo‘yicha navbatdagi tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Davlat bojxona qo‘mitasi va Toshkent shahar bojxona boshqarmasining mas’ul rahbar va xodimlari, Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi, Majburiy ijro bo‘limi xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yo‘q qilish tadbiri davomida 4 ta holatda noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan va sud hukmiga ko‘ra yo‘q qilinishi belgilangan qiymati 297,4 million so‘mlik 34,2 ming quti tamaki mahsulotlari jamoatchilik guvohligida yoqib yuborildi.

Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yil 20 va 27 aprel kunlari poytaxt Toshkentning Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda avvaldan kuzatuvga olingan shaxslardan biri muqaddam noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan va sifati kafolatlanmagan, qiymati 82,1 mln so‘mlik 8600 quti, boshqa bir shaxs esa 61,3 mln so‘mlik 5600 quti tamaki mahsulotlarini yuk mashinalariga ortayotgan vaqtida to‘xtatib qolingan. Mazkur holatlarda qonunbuzar shaxslardan olib qo‘yilgan tamaki mahsulotlarini asosan “Milano”, “Esse”, “Mond” va “Marlboro” nomli tamaki vositalari tashkil qilgan. Ushbu tadbirlarda olib qo‘yilgan tamaki mahsulotlari yo‘q qilishga qadar saqlovga olingan edi.

Noqonuniy tamaki mahsulotlarini yo‘q qilish tadbirida ishtirok etgan Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati rahbari Husan Tangriyev joriy yilda mazkur turdagi noqoniy mahsulot kontrabandasi bilan bog‘liq vaziyat haqida aytib o‘tdi va noqonuniy tarzda tamaki mahsulotlari respublika hududiga kirib kelishi 9 foizga oshganini ma’lum qildi. Bojxona qo‘mitasi vakili, shuningek, fuqarolardan tamaki mahsulotlari tufayli salomatlikka yetishi mumkin bo‘lgan zararni inobatga olish va undan saqlanishni tavsiya etdi.

Jarayonda ishtirok etgan Davlat bojxona qo‘mitasining Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi va boshqa mas’ul tashkiloptlar vakillarining ma’lum qilishicha, 2022 yil 22 noyabr holatiga ko‘ra respublika bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi turli idoralar bilan hamkorlikda aniqlangan  314 ta (2021 yilning shu davrida 128 ta holat) huquqbuzarlik holatlarida qiymati salkam 19,2 mlrd so‘mlik  (2021 yilning shu davrida 17,5 mlrd so‘m) 1 578 346 quti (2021 yilning shu davrida 1 449 305 quti) tamaki mahsulotlari noqonuniy muomaladan ushlab qolingan.

Aniqlangan kontrabanda holatlarining 71 tasi bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 25 iyuldagi “Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibi to‘g‘risida”gi 200-son qaroriga muvofiq tamaki mahsulotlari majburiy tarzda yo‘q qilib tashlanishi belgilangan.

Oshkora yo‘q qilish – bu kontrabandaga qarshi kurashishdagi shubhasiz yaxshi chora, ammo O‘zbekistonda noqonuniy mahsulot iste’mol qilish ulushi hanuz yuqoriligicha qolayotganini qayd etish o‘rinli. Sigaretlarning noqonuniy bozorini butunlay yo‘qotish uchun barcha yo‘nalishlardagi ishlarni kuchaytirish va reydlar o‘tkazib, qonunbuzar sotuvchilarga nisbatan namoyishkorona jarimalar belgilash lozim.

Shaxzod Nusratulloyev


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

32

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing