Toshkentda 170 ta “mini-poliklinika” ish boshlaydi

Jamiyat

image

Toshkentning aholi gavjum hududlarida 170 ta “mini-poliklinika” ish boshlaydi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu loyiha Sog‘liqni saqlash vazirligi va Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.

“Toshkent tajribasi” loyihasi doirasida shaharning 12 ta tumanida 10 800 ta ko‘p qavatli uy joylashgan mahallalar hududida 170 ta tibbiyot punktini barpo etish ko‘zlangan. Shuningdek, 540 ming nafar aholiga tibbiy xizmatni yaqinlashtirish maqsad qilingan.

Mazkur loyihaga Yunusobod tumani tajribasi asos qilib olingan. Tumanning “Sobirobod” mahallasiga tibbiy konteyner o‘rnatilgan.

Tibbiyot punkti barcha zarur dori-darmonlar, tibbiy buyumlar, jumladan, EKG va kislorod balloni kabi uskunalar bilan jihozlangan. Soat 8:00 dan 20:00 gacha ishlovchi “kichik shifoxona”da umumiy amaliyot shifokori va 2 nafar hamshira aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha doirasida yil oxiriga qadar 40 ta konteyner jihozlanib, poytaxtdagi 12 ta ko‘p tarmoqli poliklinika va 70 ta oilaviy poliklinika ixtiyoriga topshiriladi. Ular poytaxtning aholi gavjum bo‘lgan ko‘p qavatli uylari yoniga o‘rnatiladi. Kelgusi olti oyda esa 170 ta ana shunday mahalla tibbiyot punkti shahar aholisiga xizmat ko‘rsatadi.

Shuningdek, “Toshkent tajribasi” loyihasi bu bilan cheklanmagan.  Uning doirasida:

•  poytaxtdagi 579 ta mahalla fuqarolar yig‘ini idoralarida “Salomatlik maktablari” tashkil etish;

•  sog‘lom turmush tarziga rioya qilgan va bu borada yuqori natijalarga erishgan fuqarolarni rag‘batlantirish;

•  telemeditsina yordamida hamshiralar orqali bemorlarni mutaxassislar bilan bog‘lash maqsadida “onlayn patronaj” xizmatini joriy etish ham ko‘zda tutilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, poytaxtda pilot tarzida amalga oshiriladigan loyiha olti oydan so‘ng natijalari tahlil qilingan holda, mamlakatning boshqa hududlariga tatbiq etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

39

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing