Toshkentda 13 ta manzilga narkotik yashirgan shaxs ushlandi (video)
3-sahifa
−
17:21 409 2 daqiqa
Toshkent shahrining Olmazor tumanida giyohvandlik moddalarini tarqatishda gumonlangan shaxs ushlandi. Tezkor tadbir davomida undan tashqari yana 13 ta manzildan giyohvandlik vositalari topildi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, yoshlar orasida giyohvandlikka qarshi kurashish oyligi doirasida o‘tkazilgan tadbirda gumonlanuvchi “Ahil” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida shubhali harakatlari sababli ichki ishlar xodimlarining e’tiborini tortgan.
Xodimlar uning oldiga borib, o‘zlarini tanishtirgan va bu hududda nima sababdan yurganini so‘ragan. Shunda fuqaro cho‘chib ketib, yonidagi qora izolentaga o‘ralgan ikkita noma’lum moddani yerga tashlagan. Keyinchalik uning telefoni tekshirilganda, giyohvandlik vositalari yashirilgan yana 13 ta manzil aniqlangan. Ushbu manzillardan yelim paketlarga joylangan jigarrang moddalar topilib, xolislar ishtirokida daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan.
Gumonlanuvchining yashash xonadoni ham tekshirilgan. U yerdan xuddi shunday modda va kupyuraga o‘ralgan oqsimon modda aniqlangan. Gumonlanuvchi ko‘rsatmasida noqonuniy moddalarni o‘zi yashirilgan joylardan olganini, qarzlarini to‘lash va ko‘proq pul topish maqsadida bu ishga qo‘l urganini aytgan.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi qamoqqa olingan.
Qayd etilishicha, qonunchilikda giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq ayrim jinoyatlar uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qayta ishlab, sotish bilan shug‘ullangan uch nafar fuqaro tomonidan tashkil etilgan narkolaboratoriya fosh qilingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi