Toshkentda 108 gektarlik Milliy dendrologiya bog‘i quriladi
Olam
−
25 mart 3175 2 daqiqa
Toshkent shahrida 108 gektarlik Milliy dendrologiya bog‘i quriladi. Bu haqda joriy yilning 23 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, ushbu yirik yashil hududning umumiy maydoni 108 gektarni tashkil etishi belgilangan. Loyiha doirasida 50 ming tup daraxt ko‘chati va 100 ming tup buta o‘simliklari ekilishi nazarda tutilgan. Park biologik xilma-xillikni saqlash, havo sifatini yaxshilash, uglerod yutilishini oshirish, ilmiy tadqiqot va seleksiya ishlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, shahar mikroiqlimini sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi. Bog‘ havo haroratini 2-4 darajaga pasaytirib, namlikni 10-15 foizga oshirishi mumkin.
Milliy dendrologiya bog‘i faqat ko‘kalamzor hudud emas, balki ilmiy, ma’rifiy va jamoat makoni sifatida ham shakllantiriladi. Unda “Dunyo daraxtlari” hududi, 6 ta iqlim mintaqasiga xos o‘simliklar kolleksiyasi, mevali va mahalliy daraxtzorlar, dorivor o‘simliklar bog‘i, oranjereya, gulzorlar, dam olish maydonlari, piyodalar va velosiped yo‘laklari, avtoturargoh, tashrif buyuruvchilarni kutib olish maydoni barpo etiladi.
Bog‘ning markaziy qismida 1 gektarlik sun’iy ko‘l va uning atrofida sakura bog‘i tashkil qilish rejalashtirilgan. Park infratuzilmasida quyosh panellari, qayta ishlangan materiallardan tayyorlangan skameyka va besedkalar, avtomatlashtirilgan tomchilatib sug‘orish tizimi kabi zamonaviy ekologik texnologiyalardan foydalanish ko‘zda tutilgan. Bu yer Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi universiteti (“Green University”) uchun tabiiy laboratoriya, aholi uchun esa bioturizm va ekota’lim markaziga aylanadi.
Botanika bog‘lari noyob o‘simliklarni saqlash va ko‘paytirishga xizmat qilsa, dendrologiya bog‘lari xorijiy va mahalliy daraxtlarni hudud iqlimiga moslashtirish (akklimatizatsiya) uchun haqiqiy ilmiy laboratoriya vazifasini o‘taydi.
Bildirilishicha, bu shunchaki ko‘zni quvontiradigan landshaft yoki navbatdagi oddiy parklar qurish loyihasi emas. Bu – dim va chang shaharlarimizning nafas olishi, kelajak avlodning sog‘lom ulg‘ayishi uchun eng muhim, hayotiy qaror. Ushbu rejalar amalda to‘liq ro‘yobga chiqsa, 2030 yilga borib mamlakatda yashillik darajasi 30 foizga yetadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Yashil makon” loyihasi doirasida O‘zbekistonda yana 12 ta botanika va 16 ta dendrologiya bog‘ini tashkil etish rejalashtirilgani haqida xabar berilgan edi. Bu jarayonda har bir hududning tuproq-iqlim sharoiti hisobga olinib, mos daraxt va butalar tanlanadi.
Live
Barchasi